Ziroat Mirziyoyeva, Emina Erdo‘g‘an, Svetlana Ortiqova hafta markazidagi xonimlar

Tahlil

Yakuniga yetayotgan hafta O‘zbekistonda va dunyoda sodir bo‘lgan ko‘plab muhim voqealar bilan yodda qolmoqda. Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anning tashrifi rasmiy tadbirlardan ko‘ra ko‘proq uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an va O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning madaniy tadbirlarda faolligi bilan ajralib turdi. Jamoatchilik buni katta qiziqish bilan kuzatdi.

Shuningdek, ayol rahbarlar ham mediadagi asosiy figura bo‘ldi. Xususan, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan qator masalalarda bayonotlar berdi. Haftada sodir bo‘lgan eng muhim voqealar haqida QALAMPIR.UZ’ning hafta dayjestida tanishasiz.

Ekologik huquqbuzarlikni foto va videoga olib jo‘natganlar mukofotlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar – huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida mukofotlanadi.

“Oskar” taqdimotida Uill Smit xotiniga qo‘pol hazil qilgan aktyorga tarsaki tushirdi

Amerika vaqti bilan joriy yilning 27 mart kuni Los-Anjeles shahrida “Oskar” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shov-shuvlarga boy tarzda o‘tgan marosimda Amerikalik aktyor Uill Smit “Oskar” mukofotini topshirish marosimida aktyor va komik Kris Rokning yuziga shapaloq tushirdi.

Oradan bir kun o‘tib Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan Uill Smit qilgan ishi uchun Amerika akademiyasi a’zolari uzr so‘radi lekin Rok haqida lom lim demagan.

CNN nashrining ma’lum qilishcha Uill Smit “Oskar” topshirish marosimi vaqtida komediya-chi Kris Rokning yuziga tarsaki tushirgani uchun Kino san’ati va fanlari akademiyasidan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi.

Qirg‘iziston “Hizb ut-Tahrir” yetakchisini O‘zbekistonga topshirdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Hizb ut-Tahrir” diniy- ekstremistik tashkilotining mintaqaviy yetakchisini O‘zbekistonga topshirdi.

Aytilishicha, qo‘lga olingan fuqaro “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi hududiy rahbari bo‘lgan. U Qirg‘iziston Respublikasining janubiy viloyatlari va O‘zbekiston Respublikasining chegaradosh viloyatlarida faoliyati taqiqlangan tashkilot bo‘limlarini yaratish va mustahkamlash bo‘yicha o‘zining hamfikrlari bilan yashirin faoliyat olib borgan.

Aprel oyida O‘zbekistonda qanday ob-havo kuzatiladi?

O‘zbekistonda aprel oyida havo harorati 33 darajagacha ko‘tarilib, asosan quruq o‘tishi kutilmoqda. O‘zgidrometga ko‘ra, O‘zbekistonda aprel oyi odatda ob-havoning beqarorligi bilan ajralib turadi. Respublikaning shimoli, chekka janubi va cho‘l hududlarida yog‘ingarchilik oy uchun o‘rtacha 5 kundan 8 kungacha kuzatiladi, tog‘li hududlarga yaqinlashgan sari yog‘ingarchilik bo‘ladigan kunlar soni 9-13 kungacha ko‘payadi.

 
2021 yil qancha “qozi” javobgarlikka tortilgan?

2021 yil ish faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ygan 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan.

Ahamiyatlisi, 2022 yilning birinchi choragida 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan, 46 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Talaba qizga tajovuz qilgani aytilgan “zamdekan ishi” sudga oshirildi

Xabaringiz bor Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha tergov harakatlari yakunlangan va ish sudga yuborilgan.

Qo‘shimcha tariqasida shuni aytish mumkinki zamdekanga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish, 118-moddasi 1-qismi nomusga tegish va 104-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilingan.

Qizini ayiq qafasiga tashlagan ayolga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi mumkin

Toshkentda 3 yashar qizini Hayvonot bog‘ida ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etishicha, “Sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizalari xulosalariga ko‘ra, ayol umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgani, ruhiy holatidan kelib chiqqan holda, u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emasligi ko‘rsatilgan.

Turkiya Respublikasi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an va rafiqasi – birinchi xonim O‘zbekistonga keldi

29 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an va rafiqasi – birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an o‘zbekistonga keldi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turmush o‘rtog‘i – birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva bilan kutib oldi.

Shundan so‘ng, Prezidentlar va ularning rafiqalari Chirchiq shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barpo etilgan Yangi O‘zbekiston bog‘iga bordilar va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yangi O‘zbekiston bog‘idagi monument poyiga gul qo‘ydi.

Toshkentda Prezidentlar raisligida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bu vaqtda esa birinchi xonimlari Ziroat Mirziyoyeva va Emina Erdo‘g‘an poytaxt Toshkentda joylashgan madaniy maskanlar bilan tanishdilar. Ziroat Mirziyoyeva Turkiya rahbarining rafiqasini muzeylardan biriga taklif qilgan. Shuningdek, birinchi xonimlar sumalak saylida ham ishtirok etgan.

Birinchi xonimlarga Prezidentning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva hamrohlik qilgan. 

30 mart kuni esa O‘zbekiston-Turkiya Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Birinchi xonimlar Xiva shahrini ziyorat qildilar.  Ikki lider va hamrohligidagi delegatsiyalar “Ichan qal’a” tarixiy yodgorlik majmuasi hududiga kelganlarida, turkiy urf-odatlarga ko‘ra kutib olish marosimi uyushtirilgan. Prezidentlar va ularning rafiqalar “Ichan qal’a” tarixiy majmuasini piyoda aylanib chiqqanlar.

Imtihonlarda “o‘yin qilgan” abituriyentlar 7 yilgacha “deport” qilinishi mumkin

OTMga kirish imtihonida tartibni buzgan abituriyentlar 5 yildan 7 yilgacha kirish imtihonida ishtirok etish huquqidan mahrum etilishi mumkin. DTM Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar uchun qonuniy choralar ko‘rish yo‘llari ustida ishlamoqda.

Qo‘qonda erkak qaynonasi va xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 2015 yilda turmush qurib, 2021 yilga qadar ikki nafar farzandi bilan yashab kelgan. Biroq o‘tgan yilning 20 iyul kuni o‘zaro oilaviy kelishmovchilik va rashk sababli Sh.X. ota uyiga ketib qolgan turmush o‘rtog‘ini 17 marotaba, qaynonasini esa 9 marotaba pichoqlab o‘ldirgan erkak 20 yil 1 oy muddatga qamaldi.

Endi tergovdagi qiynoq va kamsitish uchun davlat kompensatsiya to‘laydi

O‘zbekistonda tergov jarayonida shaxs qadr-qimmati kamsitilsa, unga yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchada belgilangan.
Shu o‘rinda “Bu davlatning huquq-tartibot organlari xodimlarini tergov jarayonida fuqarolarni qiynoqqa solishdan tiya olmagani uchun boshqa yo‘l topilmaganidan qo‘llagan chorasimi?”, degan savol tug‘iladi. Ushbu savolga Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova javob berdi.

“Davlat byudjetidan kompensatsiya to‘lanishi bu qiynoq bilan qarshi kurashni to‘xtatdik, shu bilan “Jilovlay olmayapmiz”, degani ham emas. Bu jabrlanganlarni yanada ruhan, ma’nan va moddiy qo‘llab-quvvatlashdir. Lekin, qiynoqqa qarshi shaxsan men ham kurashaman. Tinmay ishlayman. Lekin, besh qo‘l barobar emas. Afsuski, adashib kirib qolganlar, adashib, “Pogon” taqqanlar ham yo‘q emas. Keling, siz bilan biz ularni tarbiyalaylik”, deydi Ortiqova.

Zangiota tumani hokimining o‘rinbosari qidiruvga berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari J.U. qidiruvga berilgani xaqida xabarlar tarkaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura izoh berib, Zangiota tuman hokimiyati mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Jinoyat ishi doirasida Zangiota tumani hokimining o‘rinbosariga ham tegishli moddalar bilan ish ochilgani ma’lum qilingan. 

Tibbiyot xodimlariga ishda hijobda yurishga taqiq bekor qilindi

O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlariga “hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish” bo‘yicha taqiq olib tashlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining "Odob-axloq kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi buyrug‘i qabul qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirining 2016 yil 20 yanvardagi 34-buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlari hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishlari taqiqlangan edi. Endilikda ushbu buyruq bekor qilingan.

Men qarshiman, “pogonli odam” ham inson-ku – Ortiqova “GAI”larni tasvirga olish haqida

O‘zbekistonda Yo‘l-patrul xizmati xodimlari xizmat vazifasini yaxshi yoki yomon bajarishidan qat’i nazar ularni tasvirga olishni taqiqlash to‘g‘ri bo‘ladi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova YPX inspektorlarini ularning ruxsatisiz tasvirga olishni taqiqlovchi qaror loyihasi yuzasidan bildirgan munosabatida aytib o‘tgan. 

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ham huquqshunos, ham prokuror, ham ayol sifatida mening shaxsiy fikrim, “GAI” xodimi ko‘chaga chiqsa, qonun doirasida ishlaydiganini aytaylik hozir, qonun talabini bajarishi lozim bo‘lgan o‘sha yo‘lovchidan talab qilsa, menimcha, videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga tashlash noto‘g‘ri. Davlat xizmatida bo‘lgan “pogonli odam", ham inson-ku. U ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi-ku. Misol uchun mendan so‘ramasangiz, men foto olishga ruxsat bermayman. Demak, birinchi galda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini himoya qilishimiz kerak”, deydi Svetlana Ortiqova.

Otasi jasadni yorishga ruxsat bermagan – Ortiqova Rahmonov ishida Oliy sudgacha bormoqchi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi prokurori lavozimida ishlagan marhum xodimi Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha sud qaroridan norozi.
Ortiqova sog‘liqni saqlash vazirligi, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlanish markazi tomoni berilgan xulosaga tayanib, Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov o‘limi vaqti ishxonada emas, ko‘p tarmoqli shifoxonaga olib borilganda yuz berganini ta’kidladi.

Sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish uchun yorish kerak bo‘lgan vaqtda, Rahmonovning otasi, marhum rozilik bermagan va tilxatlar yozib farzandini ko‘rinish holati bo‘yicha sud tibbiy ekspertiza xulosasini berishlarini so‘ragan. Ma’naviy zararni aniqlashda uni o‘tkazuvchining aybini tasdiqlash kerak. Lekin bu holatda, jinoyat ishi tergov oldi surishtiruvi natijasida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismida, ya’ni Jinoyat tarkibi mavjud emas, degan xulosaga kelingan. Bu o‘lim holatida Bosh prokuraturaning aybi yo‘q”, deydi Ortiqova.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing