Talaba qizga tajovuz qilgani aytilgan “zamdekan ishi” sudga oshirildi

3-sahifa

image

Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakunlanib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Tergov davomida Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi va 104-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilingan. 

Joriy yilning 4 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, tomonlar jinoyat ishi xujjatlari bilan tanishtirilgan. 

8 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudga yuborish uchun Yakkasaroy tuman prokuraturasiga yuborilgan.

10 mart kuni Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tasdiqlanib, JIB Yakkasaroy tuman sudiga yuborilgan. Shamsuddinovga ko‘ra, ish yopiq sud majlisida ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u o‘tgan yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.

Shu bilan birga, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev tergov vaqtida talaba qizning o‘zi yigitidan qo‘rqib derazadan sakraganini aytgan.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mazkur holatdan so‘ng Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjonovich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlanib, sobiq rektor Alisher Umarov lavozimidan ozod etildi.

Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

zamdekan Bog'abek Yo'ldoshev

Baholaganlar

508

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing