Universitet ma’muriyati va boshqa organlardan bosimlar bo‘ldi – “zamdekan” tajovuz qilgan talaba

Jamiyat

image

Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari lavozimida ishlovchi Bog‘abek Yo‘ldoshev nafaqat Mushtariy Komilovaga balki, uning boshqa kursdoshlariga ham turli so‘zlar bilan shilqimlik qilgan. Bu haqda bugun, 21 dekabr kuni talaba Mushtariy Komilova “Toshkent yoshlar forumi-2021”da o‘tkazilgan “Ayollar forumi”dagi nutqida ma’lum qildi.

“O‘tgan Yangi yil bayramida o‘zimga yangi noutbukli bo‘lishni tilagan edim. Lekin o‘rniga nogironlik aravachasiga ega bo‘ldim. Bu yilgi Yangi yilni shu aravachada o‘tirib kutib olishimni hech ham o‘ylamagandim. Do‘stlarim, sevimli ishim, o‘qishim va kelajak uchun katta rejalarim bor edi. Ammo joriy yilning 18 oktyabr kuni sanoqli soniyalarda hammasini yo‘qotdim.

Mening orzularim va hayotimni o‘g‘irlagan insonning ismi — Bog‘abek Yo‘ldoshev. Universitetimda dekan o‘rinbosari lavozimida ishlagan, mening nomusimga tegishga harakat qilib, so‘ng derazadan uloqtirdi. O‘sha paytda “Biron suyagim omon qolmagan”, deb o‘yladim, og‘riq shu qadar kuchli edi. Ba’zan, hozir uyg‘onaman-u, barchasi oddiy tush  bo‘lib chiqadiganday tuyuladi”, deydi Mushtariy.

U so‘zi davomida, bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng universitet, shuningdek boshqa organdan vakillar kelib, unga bosim o‘tkazishga harakat qilganini aytdi. Shuningdek, unga bir qancha odam Bog‘abek Yo‘ldoshev uning kursdoshiga ham shilqimlik qilganini yozgani haqida gapirib o‘tdi.

“O‘sha fojiadan keyin universitet ma’muriyati, boshqa organlardan qandaydir odamlar kelib, menga bosim o‘tkazishga harakat qildi. Va bu ishni yopdi-yopdi qilmoqchi bo‘lishdi. Men shifoxonada yotganimda, “zamdekan”ning qarindoshlari, tanishlari kelishdi, shuningdek uning rafiqasi kelib ularning oilasiga jabr qilmasligimni so‘radi. Ularning fikricha, biz ularni tushunishimiz kerak. Lekin mening holatimga birontasi kirishga tayyormi? Men va u iflosning qo‘lidan aziyat chekkan ko‘plab qizlarning holatini ular tushunishni istarmikan? Ko‘zimni yumsam, o‘sha kun og‘rig‘ini his qilaman. O‘sha erkakning ham qizlari bor-ku, menga o‘sha iflos harakatlarni qilayotganda ko‘z oldiga qizlari kelmadimi?”, deydi u.

Mushtariy Komilova voqea ommaga e’lon qilingach, unga qarshi xabarlar, turli bo‘htonlar tarqalgani, hatto shantaj qilishda ayblaganlar ham topilgani haqida gapirdi.

“Sukut saqlama” loyihasiga murojaat qilganimdan keyin meni eshitishdi. Ichki ishlarda tegajog‘lik haqida ish qo‘zg‘atildi, “zamdekan”ni hibsga olishdi. Hatto Saida Mirziyoyeva “Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz” deb aytgan edi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda menga qarshi kampaniya avj oldi. Sukut saqlamaganim uchun meni ayblashardi. Lekin ayrim mashhur insonlarning bo‘lgan voqeani go‘yoki men shantaj uchun tashkillashtirganim haqida bo‘htonlari hammasidan oshib tushdi”, deydi talaba qiz.

Mushtariyning aytishicha, bugungi kunga qadar dekan o‘rinbosarining oila a’zolari unga pul taklif qilib, kelishishni so‘ramoqda. Hatto, Mushtariyga qimmatbaho mashina ham taklif qilingan.

“Biz u oiladan hech narsa undirmaganmiz, undirmaymiz ham. Vaholanki, ular haligacha bizga chiqib, yarashishni so‘rashmoqda. Mening oilam ulardan bir tiyin ham olmaydi va men arizamni qaytarib olmayman. Meni shantajda ayblaganlar, qarab qo‘ying, mana, oldingizdaman. Aytganingizday maqsadim pul bo‘lganida, bu yerga kelmasdan qimmatbaho mashinada yurardim, o‘z uyimda o‘tirardim. Sukut saqlashimning narxini shunga baholashdi.

Bizga moddiy ko‘makni butunlay begona insonlar ko‘rsatdi. Menga shuningdek, onamning hamkasblari yordam berdi. Men Hunarmandlar hamjamiyati va USAID dasturini meni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek universitet fakulteti bu yilgi kontrakt pulini to‘lashni taklif qildi. Lekin yana bir bor aytaman, men “zamdekan”ning oilasidan hech qanday moddiy manfaat olgan emasman!

O‘sha kungi og‘riqni hanuzgacha his qilmoqdaman. Bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy og‘riqdir. O‘sha odam jazosini olishi kerak. Men adolatga ishonaman. Mening hikoyam – minglab qizlar hikoyasi. Lekin men haqiqatni aytishga jur’at topdim va oxirigacha boraman.

Tegajog‘lik qilayotgan odamlar meni eshitishini xohlayman. Jazo – muqarrar. Biz mentalitetni bahona qilib sukut saqlamasligimiz kerak. Va men adolatni talab qilishdan uyalmayman. Men shu yerdaman. Oldingiday emas, lekin hayotman. Sukut saqlamang”, deb so‘zini yakunladi Mushtariy Komilova.

Ma’lumot uchun, jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u joriy yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.

Shu bilan birga, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev tergov vaqtida talaba qizning o‘zi yigitidan qo‘rqib derazadan sakraganini aytgan.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

zamdekan Mushtariy Komilovaga pedagogika universitetida

Baholaganlar

2822

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing