“Haqiqat yo‘q ekan”. Talaba qizning onasi nimadan norozi?
Intervyu
−
07 iyun 2022
22258Bugun, 7 iyun kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringani aytilgan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi materiallari sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgani, sobiq “zamdekan” Mushtariy Komilovaga jinsiy tajovuz qilgani isbotlanmagani haqida xabar bergan edik. Biroq pedagog Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topildi va 3 yilga qamaldi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti sud jarayoni haqida ma’lumot olish uchun jabrlanuvchi Mushtariy Komilovaning onasi Dildora Komilova bilan bog‘landi. Biroq jabrlanuvchining onasi ham sud majlislariga kiritilmaganini aytdi. Shuningdek, unga ko‘ra, Bog‘abek Yo‘ldoshevning aybini isbotlovchi dalillar sudga taqdim etilganiga qaramay, sud buni inobatga olmagan.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Sud qayerda va qancha davom etdi?
Dildora Komilova, jabrlanuvchi Mushtariy Komilovaning onasi: — Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida bo‘lib o‘tdi. Bugun, 7 iyun kuni 10-sud “protsess”ida sud hukmi o‘qildi. Kecha ayblanuvchi Bog‘abek Yo‘ldoshevning so‘ngi so‘zi tinglangan edi. U Mushtariyni jazolashlarini so‘radi.
Hukm o‘qilganda 118-moddani (Nomusga tegish) olib tashlab, 104- (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) moddani qoldirishdi. Nomusiga tajovuz qilmasa, qanday qilib oynadan tashlab tan jarohati yetkazgan bo‘lishi mumkin?
Sud davomida Toshkent davlat pedagogika universitetining to‘rtta domlasi kelib Bog‘abek Yo‘ldoshev Mushtariyni pastga tashlab yuborgani va ko‘tarib qayta tashlaganini aytishdi. Boshqa guvohlar ham kelib hammasini aytishdi. To‘g‘risi, hayron qoldim. Haqiqat yo‘q ekanda O‘zbekistonimizda. Shu sababli ham qizlar oxirigacha kurashmas ekan.
F.N.: — Sud majlisi davomida ekspertiza xulosalari yoki nomusga tajovuz qilish bilan bog‘liq boshqa aniq isbot keltirildimi?
D.K.: — Tergov davomida ishga doir hujjatlar yig‘ilganda 4 ta jild bo‘ldi. Uni hammasini o‘zim o‘qib chiqqanman, nusxa olganman. Chuqurlashtirilgan ekspertiza ham o‘tkazilgan edi. Bog‘abek Yo‘ldoshev Mushtariyni divanga yotqizib, ustiga yotgani, shimini yirtgani hammasi aniqlangan. Shimini yirtgan joylari ham ko‘rsatilgan. Ekspertlar sudga ham chaqirilgan.
Sud davomida hamma narsa isbotlanib tursa ham sudya “o‘yin” qilib 118-moddani (Nomusga tegish) tashlab 104-moddani (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) qoldirishdi. Shu vaqtgacha 7 oy “yotgan” bo‘lsa 1,5 yilda chiqib mani qizimga yana “ugrojat” qiladi.
F.N.: — Siz bilan gaplashganimizda sudyalar sotilgan degan fikrni aytdingiz. Sud protsessida sudyani ishga munosabati qanday edi?
D.K.: — Birinchi masala men birorta sud majlisiga kiritilmadim. 10 ta sud majlisida ham sudlanuvchining turmush o‘rtog‘i qatnashdi, lekin Mushtariyni yaqin qarindoshi (onasi) sifatida meni qatnashishimga ruxsat berishmadi. Biz 2 ta advokat oldik. Sudyaga baribir bo‘ldi. Qizimning aytishicha, sudya majlis davomida juda beparvo (ruchka o‘ynab, kresloni aylantirib) o‘tirgan. Ish ketyapti lekin eshitmagan ham, juda “xalatnoye otnosheniye” bilan ish ko‘rgan.
Meni soppa-sog‘-sog‘ bolamni “invalid” qilib berishdi. Ulardan hech narsa talab qilganim yo‘q. Jazolashga ham shunaqa munosabatda bo‘lishdi. Mushtariyni badanida qiyshiq bitgan joyi bor, Moskvaga olib borib ko‘rikdan o‘tkazishimiz, operatsiya qildirishimiz kerak. O‘zlaricha qizimni kasalligini ham yolg‘ondek ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi. 16-shahar shifoxonasi bergan xulosalarni ham yolg‘on deb aytishdi. Qizim bilan qancha shifokorlarga qatnadik, bolam 6 oy qimir etmay yotgan. Har kuni kechqurun 6 tadan dori ichadi. Havo ayniganda badanida hozirgacha og‘riq bor. Sog‘ qizimni “invalid” qilib yana jazolanmasdan qoladimi? Menga alam qilyapti. O‘lganda nima bo‘lardi?
Qancha “karset”lar kiyib qancha davolandi. “Kolyaska”da yurdi. Ona uchun o‘z bolasini nogironlar aravachasida ko‘rish juda og‘ir. Umuman haqiqat yo‘q ekan.
F.N.: — Prokuror sudlanuvchini qancha muddatga ozodlikdan mahrum qilishini so‘radi?
D.K.: — Sud davomida qarshi taraf advokati prokurorni olib tashlash istagini bildirishdi. Prokuror xolis odam edi. Biz uni tanimaymiz. Oxiri bir ovozdan prokurorni almashtirishni rad qilishdi. Prokuror Bog‘abek Yo‘ldoshevni uch yil ta’lim tizimida dars berishdan mahrum qilish hamda 118 va 104 moddalar bilan aybdor deb topib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘radi. Lekin inobatga olishmadi.
F.N.: — Demak, siz sud hukmidan to‘liq norozisiz?
D.K.: — Ha, albatta, norozimiz va apellyatsiya tartibida shikoyat kiritamiz. Bundan tashqari, Toshkent shahar prokurori qabuliga kiraman. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va boshqa tashkilotlarga ham murojaat qilaman. Kerak bo‘lsa xalqaro tashkilotlarga ham murojaat qilaman.
LiveBarchasi