Pedofillar endi umrbod qamaladi: Senat kutilgan qonunni ma’qulladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Bu haqda bugun, 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqilgan va ma’qullangan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z bordai.

Senator Abdulxakim Eshmurodovning ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bo‘yicha 2022 yilda 85 ta, 2023 yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta, 2025 yilda esa 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bo‘yicha 2022 yilda 144 ta, 2023 yilda 163 ta, 2024 yilda 170 ta va 2025 yilda 116 ta jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha murojaatlar soni 2023 yildagi 56 tadan 2025 yilda 141 taga yetgan.

Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda. Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.

Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan e’tiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda. Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib bo‘yicha o‘tkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilanmoqda. Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qo‘yilmoqda.

Mehnat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, ta’lim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos bo‘ladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zo‘ravonlikka uchrashdan qo‘rqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning so‘roviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.

“Bu oilaviy nizolarning yanada avj olishi va qayta zo‘ravonlik sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi”, deydi senator.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun Prezidentga yuborildi.

Namangandagi bog‘chada fojia

Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi. Keyinroq O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing