Pedofillarga umrbod qamoq: bolaga bee’tibor bo‘lganlarga ham jazo kuchaytiriladi
Jamiyat
−
17:47 612 5 daqiqa
O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
“Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanmoqda. Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ayrim qoidalarni qo‘llash cheklanmoqda. Bolaning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlarini qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, bir guruh shaxslar tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda. Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik, bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik va boshqa ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ham kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasida bolalarning protsessual huquqlarini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, ularning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirilishini maxsus tartib asosida o‘tkazish, shuningdek, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlashga oid normalar belgilanmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlari ham aks ettirilmoqda.
Shu bilan birga, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanmoqda. Ta’lim tashkiloti xodimi tomonidan ta’lim-tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lishiga oid qoidalar ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida soha mutaxassislari, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uning normalari atroflicha muhokama qilingan. Keng jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar ekspertlar tomonidan o‘rganilib, asoslantirilganlari qonun loyihasini takomillashtirishda inobatga olingan.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan normalar bilan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartiblari aniqlashtirilgan. Voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiyligi belgilanib, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokiga oid qoidalar takomillashtirilgan.
Bundan tashqari, bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotdan himoya qilish, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid normalar aniqlashtirilgan. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni inobatga olgan holda takomillashtirilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, bunday jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash hamda mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish muhimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 282-moddasiga voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini prokurorning huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqidagi qarori olinganidan so‘ng sudga yuborishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Munozaralar davomida hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, deputatlar takliflari asosida loyiha matni yanada takomillashtirilib, maromiga yetkazilgani alohida qayd etilgan.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 sentyabr kuni ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.
Namangandagi bog‘chada fojia
Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi.
Live
Barchasi