“Zamdekan" talabaga jinsiy tajovuz qilgani isbotlanmadi, ammo u qamaldi
Jamiyat
−
07 iyun 2022
20564Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringani aytilgan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga (1984 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan) nisbatan ochilgan jinoyat ishi materiallari sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi T. Qosimov raisligida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Bog‘abek Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 118-moddasi (Nomusga tegish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilindi.
Bog‘abek Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil-koloniyalarda o‘talishi belgilandi.
Shuningdek, manfaatdor shaxslarga mulkiy undiruv masalasida fuqarolik sud ish yurituvi tartibida murojaat qilish lozimligi tushuntirilgan.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.
Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u o‘tgan yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.
Shu bilan birga, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev tergov vaqtida talaba qizning o‘zi yigitidan qo‘rqib derazadan sakraganini aytgan.
Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Mazkur holatdan so‘ng Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjonovich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlanib, sobiq rektor Alisher Umarov lavozimidan ozod etildi.
Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi