“Zamdekan” va talaba mojarosi ortidan Pedagogika universiteti rektori o‘zgardi

Jamiyat

image

Fakultet dekani o‘rinbosari talaba qizga tegajog‘lik qilgani aytilgan Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori o‘zgardi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjonovich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi.

Shu munosabat bilan u Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimidan ozod etildi.

Ushbu qaror bilan Pedagogika universitetining sobiq rektori Alisher Umarov lavozimidan ozod etilgan.

Oktyabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqda TDPU dekani o‘rinbosari talaba qizlardan biriga tegajog‘liq qilgani va u o‘zini ikkinchi qavatdan tashlab, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar tarqalgandi.

Jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u joriy yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.  

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing