Talaba qiz, deputat va bloger ayol ishi... Senat nega sukut saqlamoqda?

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayollar huquqi buzilishi bilan bog‘liq bir nechta holatlar haqida xabar va videolar tarqaldi. Bularga Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi qizga dekan o‘rinbosari tajovuz qilgani haqidagi, xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babashevaning nomaqbul vaziyatdagi videoi tarqalishi yoki Andijonda bloger ayolning elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklanishini misol qilib keltirish mumkin. Bungacha ayollar huquqi buzilganda yoki ular tazyiqqa uchraganda turli davlat tashkilotlari, jamoatchilik faollari qatorida Oliy Majlis Senati ham bu ishlarni qoralab chiqardi. Ammo yuqori holatlarla parlamentning yuqori palatasi sukut saqlamoqda.

Bugun, 26 noyabr kuni “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish masalalari” mavzusidagi konferensiyada Senatning Xotin-qizlar va gender-tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova yuqori palataning ayollar bilan bog‘liq holatlardagi pozitsiyasi haqida ma’lumot berdi.

“Nafaqat “Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari” qo‘mitasi balki Gender komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning ham aniq talablari asosida ijtimoiy tarmoqlarda ayollarga va boshqa qo‘mitalarga oid qaysi mavzu yuzasidan voqea sodir bo‘lmasin, boshqa hamkor tashkilotlardan ma’lumotlar olib, o‘rganishni boshlaymiz. O‘z munosabatimizni saytda e’lon qilmasligimiz Oliy Majlis Senati bee’tibor degani emas. Holatni chuqur o‘rganishga harakat qilamiz. Andijon, Surxondaryodagi holatlarni ko‘rdingiz har qancha munosabatlar bo‘lmasin bu o‘z tasdig‘ini topmadi. Surxondaryodagi holat bilan shaxsan o‘zim borib tanishdim va umuman boshqa vaziyatligini guvohi bo‘ldim. Har bir vaziyatni hamkor tashkilotlar bilan o‘rganamiz. Yuqoridagi holatlar (bloger Fotima Jo‘rayeva, deputat Feruza Babasheva va Mushtariy Komilova) tergov ishlari oxiriga yetmagan, Oliy Majlis Senati qonun doirasida javob berishga harakat qiladi. Holat yuzasidan o‘rganish boshlandi deb bergandan ko‘ra holatni ichiga kirib, o‘rganib, jabr chekkan ayolga yordam berganimiz ma’qul”, deydi senator Malika Qodirxonova.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqaldi. Jamoatchilik shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi videolar tarqatilishini deputat ayolning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.

Yakunda prokuratura so‘roviga ko‘ra, Feruza Babasheva daxlsizlik huquqidan mahrum bo‘ldi, ammo deputatlikda qoldi.

Andijondagi holatda bloger Fotima Jo‘rayeva elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklanganini aytdi. Biroq “Andijon HETK” AJ buni rad etdi va blogerni elektr korxonasi hisobchisini obro‘sizlantirishda aybladi.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan yana bir holat Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi bilan yuz bergandi. Joriy yilning 27 oktyabr kuni universitet talabasiga “zamdekan” tajovuz qilib niyatiga yetolmagach, uni derazadan itarib yuborgani haqida xabar tarqaldi. Keyinroq voqea 18 oktyabrda yuz bergani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

deputat bloger zamdekan

Baholaganlar

399

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing