Tillaga “ko‘milgan” kelin: blogerlarning to‘yi katta tekshiruvga sabab bo‘ldi

Olam

image

Turkiyaning Van shahrida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan moda dizayneri va tadbirkor Chag‘li O‘z hamda “Vanli Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan bloger Mehmet Fotih Tanchalanning to‘yida ularga taqilgan katta miqdordagi oltin va pullar tekshiruvga sabab bo‘ldi. Kelinning o‘ziga 52 kilogramm oltin, kuyovga esa 44 million turk lirasi taqilgani aytilmoqda. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, to‘y joriy yilning 6 sentyabr kuni Van shahrining Tushba tumanida bo‘lib o‘tgan. Marosimda kelinning qo‘liga ko‘plab oltin bilaguzuklar taqilgan. Bilaguzuklar qo‘liga sig‘may qolgach, qolganlari qalin zanjirga tizilib, bo‘yniga osilgan.

To‘yda taqilgan oltin, zargarlik buyumlari, xorijiy valyuta va turk lirasi Turkiya huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan. Shuningdek, kelin-kuyovdagi oltin va pullar ularning daromadiga mos kelishi yoki kelmasligi ham tekshirilmoqda.

Bundan tashqari, oltinlarning qayerdan kelgani ham Turkiya huquq-tartibot idoralari e’tiboridan chetda qolmagan. Bu ish bilan Turkiyaning Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish kengashi – MASAK shug‘ullanmoqda.

Mehmet Fotih Tanchalan esa boshqa ish bo‘yicha ham qo‘lga olingan. Unga davlat va davlat tashkilotlarini haqorat qilish hamda jinoyatdan olingan mol-mulkni legallashtirish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. U sud qarori bilan hibsga olingan. Tanchalan esa ayblovlarni rad etgan. Uning aytishicha, to‘y va unashtiruv xarajatlarining katta qismi reklama va homiylik kelishuvlari hisobidan qoplangan. Taqilgan oltinlarning bir qismi esa zargarlardan vaqtincha olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyadagi o‘z to‘yida tilla o‘g‘irlab ketishga oid voqea sodir bo‘lgan edi. Unda o‘zbekistonlik kelin asosiy figurantga aylangandi. Ya’ni o‘zbekistonlik M.B. ga to‘yidan so‘ng uyda qolgan tilla va ziynat buyumlari bilan birga g‘oyib bo‘ldi, degan ayblov qo‘yilgan. Biroq u o‘z ixtiyori bilan mahalliy politsiya bo‘limiga borib, holat yuzasidan ko‘rsatma bergan. Unga ko‘ra, to‘yda taqilgan tilla buyumlarni onasi bilan birgalikda qaynotasiga topshirgan. Shuningdek, qaynotasi keyinchalik ushbu tillalarni kredit va boshqa qarzlarini to‘lash uchun sotganini o‘zaro yozishmalarda qayd etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing