9 yashar bloger otasining 118 ming dollar pulini reklamaga ishlatib yubordi

Olam

image

AQSHda 9 yashar bola ota-onasidan yashirincha otasining korporativ bank kartasidan foydalanib, Minecraft va Roblox haqidagi videolarini reklama qilishga 118 ming dollar sarflagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “pravilamag” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mayk ismli maktab o‘quvchisi kompyuter o‘yinlarini o‘ynayotgani aks etgan videolarni YouTube’ga joylab kelgan. Uning Mighty Mike Plays kanalida 35 mingdan ortiq obunachi bor.

Joriy yilning 15 sentyabr kuni kanalga navbatdagi o‘yin jarayoni aks etgan video joylangan. Biroq bu safar videoni Maykning o‘zi emas, otasi Deyv ovozlashtirgan. U o‘g‘li undan yashirincha qimmat reklama kampaniyalarini o‘tkazganini aytgan.

Otasi dastlab o‘g‘lining kanalini qo‘llab-quvvatlash maqsadida unga 20 dollarlik reklama kampaniyasini tashkil qilib bergan. Mayk reklama vositalaridan qanday foydalanishni o‘rganib olgach, ularni mustaqil ravishda ishlata boshlagan. Bola reklama xarajatlari uchun otasining Google akkauntiga ulangan korporativ bank kartasidan foydalangan.

Hodisa otasi ishxonada korporativ karta bo‘yicha mas’ullar bilan suhbatga chaqirilganida fosh bo‘lgan. Deyv o‘sha yerda kartasidan 100 ming dollardan ortiq mablag‘ yechilganini bilgan. Tranzaksiyalarni ko‘rib, pullar o‘g‘lining YouTube kanalidagi reklamalarga sarflanganini tushungan.

Deyvning aytishicha, 9 yashar bola bunday katta xarajatlarning ahamiyatini to‘liq anglamagan. U, shuningdek, moliyaviy ma’lumotlarga cheklovsiz kirish imkonini bergani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Hozirda oila kartadagi saqlangan to‘lov ma’lumotlarini o‘chirish, xarajatlarga limit o‘rnatish va ota-ona nazoratini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Oiladagi muhokamalar yakuniga qadar bolaning YouTube kanali faoliyati ham to‘xtatiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing