Endi tergovdagi qiynoq va kamsitish uchun davlat kompensatsiya to‘laydi
Jamiyat
−
30 mart 2022
4636O‘zbekistonda tergov jarayonida shaxs qadr-qimmati kamsitilsa, unga yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Qonun (29.03.2022 yil) bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchada belgilangan.
Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Fuqarolik kodeksiga qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararlar bilan birga, boy berilgan foyda va sarflangan xarajatlar ham to‘lab berilishi nazarda tutgan qo‘shimchani kiritish to‘g‘risidagi qonun o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 17 martda esa Senat tomonidan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasiga binoan Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, ya’ni ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazish yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish, — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan holda yoxud shunday zo‘rlikni qo‘llash tahdidi bilan;
b) milliy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kamsitish zamiriga asoslangan har qanday sabab bo‘yicha;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) takroran;
d) keksa shaxsga yoki nochor ahvoldagi shaxsga, voyaga yetmagan shaxsga yoxud homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
ye) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
j) hayotga va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar qo‘llanilib;
z) dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
LiveBarchasi