Men qarshiman, “pogonli odam” ham inson-ku – Ortiqova “GAI”larni tasvirga olish haqida
Intervyu
−
31 mart 2022
20810O‘zbekistonda Yo‘l-patrul xizmati xodimlari xizmat vazifasini yaxshi yoki yomon bajarishidan qat’i nazar ularni tasvirga olishni taqiqlash to‘g‘ri bo‘ladi. Bugun, 31 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova YPX inspektorlarini ularning ruxsatisiz tasvirga olishni taqiqlovchi qaror loyihasi yuzasidan bildirgan munosabatida shunday fikr bildirdi.
“Konstitutsiyada norma bor. Inson sha’ni, qadr-qimmati daxlsiz va Konstitutsiya bilan himoya qilinadi. YPX xodimi ham O‘zbekiston fuqarosi, Konstitutsiya bilan himoya qilinishi kerak. Bu mening shaxsiy fikrim. Bu fikr. Qonun emas. Qonuniy tarzda yo u yoqlik yoki bu yoqlik bo‘ladi. O‘rtancha bo‘lmaydi to‘g‘rimi? Yo ruxsat beriladi, yoki man etiladi. Kim meni adolatsizlikda ayblay oladi? Hech kim. Men juda adolatli ayolman. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiya bilan himoyalangan. YPX xodimi yoki uy bekasi, jurnalist, bloger bo‘ladimi, agarda sizdan ruxsat so‘ramay "s’yomka" qilsa, shunaqa chang ko‘tarasiz-ki, Xudo ko‘rsatmasin... Bu mening fikrim”, deydi Ortiqova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “GAI” xodimlari xizmat vazifasini yaxshi yoki yomon bajarishi bu ikkinchi masala hisoblanadi.
“Har qanday davlat o‘zining mustaqilligini e’lon qilganidan keyin, o‘sha doirada yashaydigan huquqqa itoat qiluvchi insonlarning huquqini himoya qilish majburiyatini oladi. O‘zbekiston ham bu qatordan qolgani yo‘q. BMTning teng huquqli a’zosi. “GAI” xodimi xizmat vazifasini bajaradi. Yaxshi bajaradimi, yomon bajaradimi bu ikkinchi masala”, deydi Svetlana Ortiqova.
Shuningdek, u so‘zi davomida bugungi kunda O‘zbekiston yo‘llari ijtimoiy tarmoqlarda “qonli yo‘llar”, deya nom olayotgani sharmandalik ekanini urg‘uladi.
“Ko‘chada yurish qanchalik xavfli bo‘lib ketyapti?! Qayerdadir videokamera ishlaydi, ishlamaydi. Qayerdadir “DAN” xodimi turadi, turmaydi. Lekin “prava”ga o‘qimagan, “prava”si yo‘q odamlar yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilganlarni rulda ko‘ryapmiz-ku. Hozir hattoki, O‘zbekiston yo‘llari ijtimoiy tarmoqlarda “qonli yo‘llar”, degan nom ham oldi. Sharmanda emasmi?”, deydi Ortiqova.
Bosh prokurorning o‘rinbosari Svetlana Ortiqova so‘zida davom etar ekan, Yo‘l-patrul xizmati xodimining faoliyatidagi jarayonni "s’yomka" qilinishiga qarshi ekanini ta’kidladi.
"O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ham huquqshunos, ham prokuror, ham ayol sifatida mening shaxsiy fikrim, “GAI” xodimi ko‘chaga chiqsa, qonun doirasida ishlaydiganini aytaylik hozir, qonun talabini bajarishi lozim bo‘lgan o‘sha yo‘lovchidan talab qilsa, menimcha, videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga tashlash noto‘g‘ri. Davlat xizmatida bo‘lgan “pogonli odam", ham inson-ku . U ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi-ku. Misol uchun mendan so‘ramasangiz, men foto olishga ruxsat bermayman. Demak, birinchi galda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini himoya qilishimiz kerak.
Ikkinchidan, u davlat xizmatidagi odam. Agarda “GAI” xodimi noto‘g‘ri qandaydir xatti-harakat qiladigan bo‘lsa, siz huquqiy madaniyat, o‘z huquqingizni bilasiz, majburiyatingizni esdan chiqarmaysiz. Afsuski, hozir huquqim bor ekan deb, majburiyatni esdan chiqaradiganlar talaygina bo‘lib qolyapti. Ko‘ryapmiz-ku. Mening fikrimcha, bu O‘zbekiston xalqiga xos va mos xususiyat emas. Shuning uchun men ham u tomondan yo‘lovchi tarzida, ham “pogonli shaxs” sifatida aytyapman. Men “GAI” xodimini xizmat faoliyatidagi jarayonni "s’yomka qilishga qarshiman”, deb javob berdi Bosh prokuror o‘rinbosari.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Ortiqova xonim YPX xodimlarining xizmat madaniyati haqida og‘iz ochgan ekan, avvalo ijtimoiy tarmoqlarda “GAI”lar bilan bog‘liq tarqalayotgan videolarda aynan organ vakillarining qonunni buzgani ko‘rinib qolyapti. Shuningdek, qonun doirasida ish ko‘rayotgan YPX xodimlari o‘zini videoga olib tarqatgan fuqaroni sudga berib uni javobgarlikka torttirish mumkin. Chunki ularda endilikda body kamera bor va barcha bo‘layotgan jarayon tasvirga olinadi va haydovchi shaxsini aniqlash mumkin. Amaldagi qonunchilik ham bunga imkon beradi.
Yana bir jihat bor. Agarda Konstitutsiya Ortiqova aytganidek, fuqaroni himoya qilsa, qo‘shimcha qarorga zarurat ne? Yoki Konstitutsiya ishlamayaptimi? Uning ishlashiga Prokuratura organlari ham birdek mas’ul emasmi?
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini foto va videotasvirga olishni taqiqlashmoqchi ekani, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida shunday o‘zgartirish nazarda tutilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi