Toshkentda YPX inspektorini mashinasida sudragan haydovchi qamaldi
3-sahifa
−
01 avgust
6991Toshkentda YPX inspektorini avtomashinasi kapotida sudragan haydovchi 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 13 iyul kuni Yakkasaroy tumanida inspektor davlat raqamisiz harakatlanib kelayotgan transport vositasini to‘xtatgan. Biroq haydovchi to‘xtamay, voqea joyidan ketib qolgan, so‘ngra inspektor uning orqasidan kuzatib borgan.
Jarayonda haydovchi bir necha marta ogohlantirilgan, shunga qaramasdan, u svetoforning taqiqlovchi chiroqlariga amal qilmay, yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib, xavfli manyovrlar qilgan holda yo‘lida davom etgan.
“Yangihayot tumaniga kelib, haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtadi. Undan mashinadan tushishini talab qildim, ammo haydovchi bunga ham bo‘ysunmasdan mashinasini menga qarata harakatlantirdi va 400−500 metrcha kapot qismida harakatlanib bordim”, deydi YPX xodimi Shohrux Bobomurodov.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Hodisa oqibatida xodim chap oyoq bo‘g‘imlari lat yeyishi jarohatini olgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
“Mashinada hujjatlar to‘liq emasdi. Avtomobilni xodimga topshirmasdan, o‘zim harakatlanib qochib ketdim. O‘zbekiston qonunlarini hurmat qilib, xodimlarga bo‘ysunib, har doim talab qilgan vazifalarini bajarish kerak ekan. Shuni xulosa qildim, qilgan ishimdan afsusdaman”, dedi haydovchi.
Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida profilaktika inspektorini urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingandi.
LiveBarchasi