Toshkent viloyati “GAI”siga yangi rahbar tayinlandi
Jamiyat
−
12 Oktabr
10802Polkovnik Aziz Sadirov Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati IIBB YHXB binosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Sherzod Ibragimov, viloyat IIBB boshlig‘i general-mayor Tohir Aripov hamda shaxsiy tarkib ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan polkovnik Aziz Sadirov mas’ullar hamda xodimlarga tanishtirildi.
Shuningdek, tadbirda Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi yo‘llar Toshkent viloyati hududidan o‘tishi, mazkur yo‘llarda transport vositalarining serqatnovligini inobatga olgan holda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish lozimligi ta’kidlanib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan tanqidiy tarzda so‘z yuritilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Olim Choriqulovich Saidov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rniga polkovnik Sherzod Shokirovich Ibragimov Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Rafiqjon Qo‘ldoshevich Jalilov o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketdi va polkovnik Muhammad Odilov shahar IIBB YXHB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.