Toshkent viloyatida jamoat transporti qimmatladi. Yangi tariflar qanday?

Jamiyat

image

Toshkent viloyatida jamoat transportlaridan foydalanish uchun naqd puldagi tariflar qayta ko‘rib chiqildi va ular elektron tarif to‘lovlariga nisbatan 30 foiz qimmatlashtirildi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining kecha, 20 iyul kuni qabul qilgan viloyat shaharlarida jamoat transportida tarif tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida qayd etildi

Mazkur hujjat bilan viloyatning shaharlarida brutto shartnoma asosida shahar ichi avtobus yo‘nalishlarida jamoat transporti xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, viloyatda shartnoma asosidagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulsiz olish amaliyoti to‘liq joriy etilib, jamoat transportida yo‘lkira to‘lovlarini elektron shaklda amalga oshirishni rag‘batlantirish maqsadida naqd puldagi tariflar elektron to‘lov tarifiga nisbatan 30 foiz yuqori etib belgilandi.

Shuningdek, yo‘lovchilar uchun soatlik, kunlik, uch oylik, olti oylik hamda yillik limitsiz tarif rejalari joriy etiladigan bo‘ldi.

Yangi tariflar quyidagicha:

  • Transport yoki bank kartasi orqali elektron to‘lov – 2 000 so‘m (QQS bilan);
  • Naqd pul orqali to‘lov – 2 600 so‘m (QQS bilan);
  • Bir yo‘lovchining yukini tashish xizmati – 2 600 so‘m (QQS bilan).

Mazkur narxlardan kelib chiqib, avtobus va elektrobuslar uchun bir kunlik yo‘l haqi 8 ming so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yo‘lovchilar uchun 5 kunlik (22 ta qatnov) abonement 34 ming so‘m, 10 kunlik (44 ta qatnov) – 68 ming so‘m, 15 kunlik (66 ta qatnov) – 102 ming so‘m, 20 kunlik (88 ta qatnov) – 135 ming so‘m va 30 kunlik (130 ta qatnov) – 200 ming so‘m qilib tasdiqlandi. Uzoq muddatli tariflar 90 kunga – 600 ming so‘m, 180 kunga – 1,2 million so‘m va 365 kunga – 2,4 million so‘m etib belgilandi.

Pensionerlar, nogironlar, talabalar va o‘quvchilar uchun imtiyozli tariflar ham joriy etildi. Ular uchun bir kunlik tarif 4 ming so‘m, 5 kunlik abonement 17 ming so‘m, 10 kunlik – 34 ming so‘m, 20 kunlik – 68 ming so‘m va 30 kunlik – 100 ming so‘m etib belgilangan. Shuningdek, ushbu toifadagi yo‘lovchilar uchun 90 kunlik tarif 300 ming so‘m, 180 kunlik – 600 ming so‘m va 365 kunlik tarif 1,2 million so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq transportdan bepul foydalanish huquqiga ega shaxslar uchun 30 kunlik, 60 ta qatnovni o‘z ichiga olgan tarif rejasi 0 so‘m etib belgilandi.

Yangi tizimda yo‘lovchilar muddatli abonementlarni tanlash orqali bir qatnov uchun to‘lanadigan o‘rtacha xarajatni kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, tariflar kunlar emas, belgilangan muddat davomida amalga oshiriladigan qatnovlar soniga bog‘langani bilan ham farq qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida joriy yilning 1 sentyabridan hukumatning “Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, avtobusga chiqish vaqtida yo‘lkira to‘lash majburiy bo‘lishi belgilangandi..


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing