Rossiya hukumati benzin va dizel narxini oshirmoqchi
Olam
−
16:05 375 2 daqiqa
Rossiya hukumati benzin va dizel yoqilg‘isi narxini litriga 2,1 rublga oshirishni muhokama qilmoqda. Bu haqda “Kommersant’” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, taklif Energetika vazirligi tomonidan ilgari surilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bu bo‘yicha tegishli taklifni Bosh vazir Mixail Mishustinga yuborgan. Hukumat yoqilg‘i narxini oshirish orqali neft kompaniyalarining import yoqilg‘isini sotishdagi zararlarini qoplashni rejalashtirmoqda.
Hozir xarajatlarni qoplashning ikki varianti bor. Birinchi variantda neft kompaniyalariga byudjetdan ko‘proq mablag‘ ajratiladi, benzin narxi esa litriga 1,6 rublga oshadi. Ikkinchi variantda byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ berilmaydi, ammo yoqilg‘i litriga 2,1 rublga qimmatlashadi. Moliya vazirligi va hukumat ikkinchi variantni ma’qul ko‘rmoqda.
Aleksandr Novakning murojaatida aytilishicha, xorijdan olib kelingan benzin va dizel yoqilg‘isini yirik neft kompaniyalarining amaldagi narxlarida sotish har bir litr uchun 13–18 rubl zarar keltirgan.
Bu davlat kompensatsiyalari hisobga olinganda ham kuzatilgan. Bunga sanksiyalar sababli xorijiy yetkazib beruvchilarning qo‘shimcha to‘lov talab qilishi va yoqilg‘ini Rossiya hududi bo‘ylab tashish xarajatlarining oshishi sabab bo‘lgan.
Taklif qabul qilinsa, neft kompaniyalari narxlarni nafaqat import qilingan, balki Rossiyada ishlab chiqarilgan benzin va dizel yoqilg‘isi uchun ham oshirishi mumkin.
Litriga 2,1 rubllik qo‘shimcha narx neft kompaniyalariga har oy taxminan 12 milliard rubl qo‘shimcha daromad keltiradi. Benzin baki 50 litr bo‘lgan avtomobil egasi uchun esa bakni to‘liq to‘ldirish xarajati 105 rublga oshadi.
21 oktyabrda e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 19 oktyabr holatida Rossiyada benzinning o‘rtacha narxi litriga 78,04 rublni tashkil etgan. Yoqilg‘i turlari bo‘yicha narxlar quyidagicha bo‘lgan:
- AI-92 benzini — litriga 74,02 rubl;
- AI-95 benzini — litriga 80,30 rubl;
- dizel yoqilg‘isi — litriga 86,58 rubl
2026 yil boshidan buyon benzin 20,5 foizga, dizel yoqilg‘isi esa 13,4 foizga qimmatlagan. Shu davrda Rossiyada umumiy inflyatsiya 6,15 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, benzin narxi umumiy inflyatsiyadan 3,3 baravar, dizel yoqilg‘isi narxi esa 2,2 baravar tezroq oshgan.
Rossiya Energetika vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, litriga 2,1 rubllik qo‘shimcha narx joriy etilsa, yirik neft kompaniyalariga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 2026 yil oxirigacha benzin narxi 11 foizga yoki litriga 7,1 rublga oshishi mumkin. Yozgi dizel yoqilg‘isi esa 10,7 foizga yoki litriga 8,2 rublga qimmatlashi kutilmoqda.
Bu prognozlar faqat yirik neft kompaniyalariga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalariga tegishli. Rosstat statistikasiga mustaqil shoxobchalardagi narxlar ham kiritilgan. Shu sababli ushbu ko‘rsatkichlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi.
Live
Barchasi