Singapur avtobuslarida baland musiqa uchun katta jarima belgilandi
Olam
−
08:47 293 2 daqiqa
Singapur jamoat transportida yo‘lovchilarning boshqalarga xalaqit beruvchi xatti-harakatlari uchun jarimalar joriy etildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi qoidalar joriy yilning 23 sentyabrdan kuchga kirgan. Unga ko‘ra, avtobusda baland ovozda musiqa yoki video qo‘yish, o‘rindiqlarga oyoq qo‘yish, chiqindi tashlash, shuningdek, transport vositasida ovqatlanish va ichimlik ichish kabi holatlar uchun jarima belgilangan.
Singapur Yer transporti boshqarmasi (LTA) yangi tartibdan maqsad jamoat transportida barcha yo‘lovchilar uchun xavfsiz, o‘zaro hurmatga asoslangan va qulay muhit yaratish ekanini bildirgan.
Qoidalarga ko‘ra, avtobus bekatlari va terminallarida boshqa yo‘lovchilarga xavf tug‘dirish yoki ularning harakatlanishiga to‘sqinlik qilish, shuningdek, avtobuslar va bekatlarni ifloslantirish uchun jarima miqdori 5 ming Singapur dollarigacha (2 942 funt sterling) yetishi mumkin.
Ushbu o‘zgarishlar Singapur parlamenti tomonidan 2025 yil oktyabr oyida qabul qilingan qonunchilik tuzatishlari asosida amalga oshirilgan. Avvalroq shunga o‘xshash talablar mamlakat temiryo‘l transportida ham amal qilgan.
Yangi tartib ijrosini avtobus haydovchilarining o‘zi nazorat qilmaydi. Singapurning to‘rtta jamoat transporti operatorida ishlovchi vakolatli xodimlar qoidabuzarlikda gumon qilingan yo‘lovchilarga ma’muriy bildirishnoma berishi mumkin. Keyinchalik holat LTA tomonidan tekshiriladi.
Haydovchilar esa tartibni buzayotgan yo‘lovchidan avtobusni tark etishni talab qilish huquqini saqlab qoladi. Jiddiy holatlarda esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishi mumkin.
LTA yangi qoidalarni qo‘llashda, ayniqsa, jismoniy yoki ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan yo‘lovchilarga nisbatan adolatli va ehtiyotkor munosabatda bo‘lish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Singapur jamoat transportida shovqinni kamaytirish choralarini avval ham ko‘rgan. 2024 yil dekabr oyida avtobuslarda yo‘lovchilarni shovqin qilmaslikka, faqat bitta o‘rindiqni egallashga va polga o‘tirmaslikka chaqiruvchi belgilar o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya parlamenti 2027 yil yanvardan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni qabul qilgan edi.
Live
Barchasi