Har bir tug‘ilgan bola uchun 55 ming dollar beriladi

Olam

image

Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi pasayib borayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Yangi paket doirasida har bir farzand uchun 17 yoshga to‘lguniga qadar qariyb 70 ming Singapur dollari, ya’ni taxminan 55 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Uning 10 ming Singapur dollari farzand tug‘ilganida, yana shuncha mablag‘ uning keyingi ta’limi uchun ajratiladi. Qolgan qismi esa bola ulg‘ayishi davomida turli bosqichlarda to‘lab boriladi.

Hukumat mazkur choralar bilan oilalarga nafaqat farzand tug‘ilgan paytda, balki uni voyaga yetkazish jarayonida ham uzoq muddatli moliyaviy ko‘mak berishni maqsad qilgan.

Shuningdek, ko‘p farzandli oilalar uchun ota-ona ta’tillari bo‘yicha to‘lovlar kengaytiriladi. Bunda ish beruvchilarning xarajatlarining kattaroq qismi davlat tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda. Farzandli oilalar uchun birinchi uy-joyni imtiyozli dastur asosida sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Singapurda tug‘ilish koeffitsiyenti o‘tgan yili rekord darajada pasayib, bir ayolga 0,87 nafar farzand to‘g‘ri kelgan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 0,97 nafarni tashkil etgan. Demograflar aholi sonini barqaror saqlab turish uchun migratsiya bo‘lmagan taqdirda, tug‘ilish koeffitsiyenti taxminan 2,1 bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Aholi qarib borayotgani ham Singapur uchun jiddiy demografik muammoga aylanmoqda.

BMT mezonlariga ko‘ra, aholining 21 foizdan ortig‘i 65 yosh va undan katta bo‘lsa, mamlakat “super qariyalar jamiyati” hisoblanadi. Singapur esa bu bosqichga joriy yilda kirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Bosh vazir Lourens Vong hukumat ko‘rayotgan choralarga qaramay, tug‘ilish darajasi aholini tabiiy ravishda barqaror saqlash uchun zarur ko‘rsatkichga yetishi ehtimoli pastligini aytgan.

Uning aytishicha, faqat tug‘ilish hisobiga tayanilsa, mamlakat fuqarolari soni qisqaradi, aholi yanada tez qariydi va keksa avlodni qo‘llab-quvvatlaydigan yoshlar soni kamayadi.

Shu sababli, Singapur hukumati aholi o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun immigratsiya siyosatini ham saqlab qolmoqchi. Biroq mamlakatga yangi keluvchilar nazorat qilingan va barqaror sur’atda qabul qilinishi, singapurliklar esa mamlakat aholisining ko‘pchiligini tashkil etib qolishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armanistonda 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa 500 ming arman dramini (1300 AQSH dollari) tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing