Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonlik ayollarning farzandlari mamlakatga qaytarildi (video)

Jamiyat

image

Rossiyaning Mordoviya muxtor Respublikasi va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlari mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Omonulla Fayziyev xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan uzoq vaqt davomida olib borilgan maqsadli muzokaralar natijasida Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi hududidagi Mordoviya muxtor Respublikasi va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini Vatanga qaytarish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlangan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari tomonidan amalga oshirilgan konsullik-huquqiy tadbirlar doirasida voyaga yetmagan bolalarning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi, mamlakatida qarindoshlari mavjudligi va ularni qaytarish uchun zarur bo‘lgan boshqa masalalar o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, Rossiyaning vakolatli idoralariga tegishli hujjatlar taqdim etilib, zarur tartib-taomillar amalga oshirilgan.

Natijada Mordoviyadagi jazoni ijro etish muassasasi hududida joylashgan bolalar uyidan voyaga yetmagan bolalar Bosh konsulxona diplomatlari hamda O‘zbekistondan safarbar etilgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida eson-omon qabul qilib olingan va mamlakatga qaytarish jarayoni ta’minlangan.

“Bosh konsulxona tomonidan Rossiya Federatsiyasidagi jazoni ijro etish muassasalari hududida joylashgan bolalar uylarida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlarini repatriatsiya qilish bo‘yicha tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida yosh fuqarolarimiz bosqichma-bosqich vatanga qaytarilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tataristondagi dronlar hujumi oqibatida jabrlangan so‘nggi O‘zbekiston fuqarosi vatanga olib kelingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing