Odamlarga kitob o‘qigani uchun pul to‘lash boshlandi

Olam

image

Singapur hukumati aholini ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt lenta aylantirishdan qaytarish va kitob o‘qishga undash uchun pul to‘lashni boshladi. Endi har kuni kamida 15 daqiqa kitob o‘qigan odamlar rag‘batlantiriladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sentyabr oyidan ishga tushirilgan dastur doirasida fuqarolar maxsus davlat sayti orqali o‘qigan vaqtini qayd etib boradi. 15 daqiqa yoki undan ko‘proq kitob o‘qigan kishi 20 virtual tanga oladi. 1000 ta tanga to‘plagan ishtirokchi 1 Singapur dollari, ya’ni taxminan 80 AQSH senti oladi. Bir kunda faqat bitta o‘qish sessiyasi hisobga olinadi. Shu tariqa, ishtirokchi 50 kun davomida har kuni 15 daqiqadan kitob o‘qisa, 1 Singapur dollari ishlab oladi.

Singapur Milliy kutubxona kengashi rahbari Melissa Tamning aytishicha, muntazam kitob o‘qish odatini kichik va amalga oshirish oson bo‘lgan qadamlar orqali shakllantirish mumkin. Hozir odamlar istalgan paytda yuzlab sarlavhalarni ko‘rib chiqishi, videolar tomosha qilishi yoki deyarli har qanday ma’lumotning qisqa xulosasini olishi mumkin. Shu sababli dastur 15 daqiqalik oddiy kunlik maqsaddan boshlangan.

Singapur hukumati yoshlar uchun ijtimoiy tarmoqlarning zararini kamaytirish choralarini ham ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga kunlik vaqt limitini joriy etish taklifi bor.

Qayd etilishicha, avvalgi tadqiqotlar yoshlar orasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik va “doomscrolling” – salbiy yoki xavotirli xabarlarni uzluksiz ravishda ko‘rib chiqish kabi holatlar keng tarqalganini ko‘rsatgan.

Qizig‘i, kitob o‘qish masalasida Singapur yoshlarining ko‘rsatkichlari yuqori. 2025 yilgi PISA xalqaro baholash dasturida mamlakatning 15 yoshli o‘quvchilari o‘qish savodxonligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Ular bu ko‘rsatkichda Xitoy va Tayvan o‘quvchilaridan yuqori natija qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi pasayib borayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing