Konsertida Falastin bayrog‘ini ko‘targan musiqiy guruh taqiqqa uchradi

Olam

image

Britaniyaning Massive Attack musiqiy guruhi Singapurdagi konserti vaqtida sahnada Falastin bayrog‘ini namoyish qilgani uchun mamlakatda qayta konsert o‘tkazish huquqidan mahrum qilindi. Bu haqda mamlakat politsiyasiga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan konsert vaqtida guruhning ikki a’zosi sahnada Falastin bayrog‘ini ko‘targan. Ulardan biri, shuningdek, “Free Palestine” (“Falastinga ozodlik”) deb qichqirgan.

Qayd etilishicha, Singapurda maxsus ruxsatnomasiz xorijiy davlatlarning bayroqlari, davlat ramzlari yoki bannerlarini ochiq namoyish qilish qonun bilan taqiqlangan.

Tergov yakunlariga ko‘ra, ikki musiqachiga rasmiy ogohlantirish berilgan va ularning Singapurga qayta kirishi taqiqlangan. Shuningdek, mamlakatning media regulyatori guruhning kelgusida konsert o‘tkazish uchun beriladigan har qanday arizasini rad etishini ma’lum qilgan.

Huquq-tartibot idoralari konsert tashkilotchisi litsenziya shartlaridan xabardor bo‘lganiga qaramay, konsert davomida mazkur qoida buzilganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, regulyator litsenziya talablari buzilgan-buzilmaganini ham o‘rganmoqda. Hozircha konsert tashkilotchisi ushbu holat yuzasidan izoh bermagan. Massive Attack ham rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Politsiya Singapurda yashovchilar va xorijliklarni mamlakatga tashqi siyosiy mojarolarni olib kirmaslikka chaqirib, bu ijtimoiy hamjihatlik va qonun ustuvorligiga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Massive Attack guruhi Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlarini tanqid qilishi va Falastinni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan. Guruh yetakchisi Robert Del Naja joriy yil aprel oyida Londonda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyada ishtirok etgani uchun qo‘lga olingan 200 dan ortiq namoyishchilar orasida bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches “Barselona” hujumchisi Lamin Yamalning Falastin bayrog‘ini ko‘tarib chiqqanini qo‘llab-quvvatlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing