Navai Qozog‘istondan haydaldi: u 5 yil konsert bera olmaydi
Madaniyat-san’at
−
13:23 1003 3 daqiqa
Rossiyalik reper, Navai taxallusi bilan ijod qiluvchi Navai Bakirov yaqin besh yil ichida Qozog‘istonga kirishi va mamlakatda konsert berishi ehtimoldan yiroq. Bunga uning mamlakatdan chiqarib yuborilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston qonunchiligini o‘rganib, TASS xabar berdi.
Agentlik suhbatlashgan yuristlarning aytishicha, san’atkor mamlakatga kirish uchun ruxsat so‘rashi mumkin. Biroq unga nisbatan javobgarlik chorasi qo‘llangani haqidagi ma’lumotlar saqlanib qoladi.
Xususan, Qozog‘istonning “Aholi migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonuni 48-moddasiga ko‘ra, mamlakatdan chiqarib yuborilgan chet el fuqarolariga sud qarori ijro etilgan kundan boshlab besh yil davomida Qozog‘istonga kirish taqiqlanadi.
Shuningdek, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 51-moddasida ham chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakat hududidan majburiy chiqarib yuborilganda, uning Qozog‘istonga kirishiga besh yil muddatga taqiq qo‘yilishi belgilangan. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksda ham shunga o‘xshash normalar mavjud.
Qozog‘iston migratsiya qonunchiligi bo‘yicha ixtisoslashgan yurist Aygerim Xandullayevaning TASS agentligiga ma’lum qilishicha, mamlakatdan chiqarib yuborilgan chet el fuqarosi ushbu qaror ustidan shikoyat qilishi yoki mamlakatga kirish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilishi mumkin.
“Sud qaroriga ko‘ra, besh yil muddatga chiqarib yuborish chorasi qo‘llanadi. Agar sud qarori chiqarilgan bo‘lsa, uni shikoyat qilish uchun 10 kun vaqt beriladi. Apellyatsiya sudi qarorni o‘zgarishsiz qoldirsa, u besh yil davomida Qozog‘istonga kira olmaydi. Albatta, agar uning Qozog‘istonda yaqin qarindoshlari bo‘lsa, keyinchalik ruxsat so‘rab murojaat qilish huquqiga ega. Biroq yakuniy qarorni vakolatli organ chiqaradi”, degan yurist.
Uning aytishicha, Qozog‘istondan chiqarib yuborish sud qarori asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, milliy xavfsizlik organlari ham ayrim hollarda chet el fuqarosining mamlakatga kirishiga ruxsat bermasligi mumkin. Kirishni rad etish asoslari “Aholi migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 48-moddasida keltirilgan.
Qozog‘istonlik jinoyat ishlari bo‘yicha advokat Aydar Sovetbekov ham ishga oid ochiq ma’lumotlardan kelib chiqib, Navai’ga nisbatan besh yillik taqiq amal qilishi mumkinligini aytgan.
“Menimcha, bu taqiq unga nisbatan qo‘llanadi. Chunki unga amalda kontrabanda va giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash ayblovlari qo‘yilgan. Jinoiy ish tugatilgan bo‘lsa-da, bu holatlar mavjud bo‘lgan”, degan advokat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ish tugatilgani sababli reper sudlangan hisoblanmaydi. Biroq unga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish jarayoni Qozog‘istonda qayd etilgan bo‘lib qoladi. Advokatning fikricha, bu ma’lumotlar Rossiyada ham hisobga olinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati politsiya departamenti Navai Qirg‘izistondan Qozog‘istonga kirayotganida “Korday” chegara nazorat punktida qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Politsiya reperga nisbatan giyohvand moddalar kontrabandasiga urinish va ularni noqonuniy saqlash bo‘yicha jinoiy ish ochilganini bildirgan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik san’atkor harakatlangan avtomobilda taqiqlangan moddalar topilgan. Keyinchalik sud qarori bilan u tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Qirg‘iziston chegara xizmati esa reperning chegarani kesib o‘tishi bilan bog‘liq holatlar tekshirilayotganini ma’lum qilgan.
Rossiyaning Olmaotadagi bosh konsulligi TASS agentligiga Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, reperdan 2,53 gramm marixuana topilganini bildirgan.
Shuningdek, Navai’ga nisbatan jinoyat ishi tugatilgani haqida xabar berilgan edi. Navai’ga nisbatan ochilgan ish reabilitatsiya qilinmaydigan asoslarga ko‘ra tugatilgan. Shuningdek, reper Qozog‘istondan deportatsiya qilingan.
Live
Barchasi20 Oktyabr