Svetlana Ortiqova prokuraturadan boshqa organlarda qiynoqlar borligini tan oldi
Intervyu
−
01 aprel 2022
13212Davlat tergov jarayonlarida qiynoqlarning oldini ololmagani, huquq-tartibot organlarining ayrim xodimlarini shaxs qadr qimmatini yerga urish, kamsitish va unga nisbatan har turdagi qiynoqlarni qo‘llashda tiyib turolmagani uchun shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlariga duch kelgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lash bilan muammoni hal etmoqchimi? QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ushbu masala bilan kecha, 31 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga yuzlandi.
Anjumanda QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova tergovdagi qiynoqlar haqida qancha gapirilishiga qaramay, hamon kuch ishlatar tizimlar tomonidan qiynoqlarga yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidladi va nima uchun bunga barham berilmayotganini so‘radi.
“Afsuski, bu sharmandagarchilik. O‘zbek o‘zbekni ursa-ya? Prokuratura organlarida keyingi uch yilni ichida qiynoqlar ishlatilganini men Bosh prokuror o‘rinbosari sifatida kuzatayotganim yo‘q. Ming afsuski, boshqa huquqni muhofaza etuvchi idoralarning xodimlari qiynoqni ishlatadi”, deydi Ortiqova.
Shu o‘rinda jurnalist Najmiddinova kuni kecha Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, unga ko‘ra, O‘zbekistonda tergov jarayonida shaxs qadr-qimmati kamsitilsa, unga yetkazilgan zarar va tergovdagi qiynoqlarga kompensatsiya to‘lanishi belgilanganini eslatdi. “Bu davlatning huquq-tartibot organlari xodimlarini tergov jarayonida fuqarolarni qiynoqqa solishdan tiya olmagani uchun boshqa yo‘l topilmaganidan qo‘llagan chorasimi?”, degan savol bilan Ortiqovaga yuzlandi jurnalist.
“Davlat byudjetidan kompensatsiya to‘lanishi bu qiynoq bilan qarshi kurashni to‘xtatdik, shu bilan “Jilovlay olmayapmiz”, degani ham emas. Bu jabrlanganlarni yanada ruhan, ma’nan va moddiy qo‘llab-quvvatlashdir. Lekin, qiynoqqa qarshi shaxsan men ham kurashaman. Tinmay ishlayman. Lekin, besh qo‘l barobar emas. Afsuski, adashib kirib qolganlar, adashib, "pagon" taqqanlar ham yo‘q emas. Keling, siz bilan biz ularni tarbiyalaylik”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.
LiveBarchasi