Svetlana Ortiqovaga ochiq xat
Tahlil
−
08 aprel 2022
28412Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha huquq-tartibot organlarida qiynoq, shaxs qadr-qimmatini kamsitish va unga noinsoniy munosabatda bo‘lish mavjud. Faqatgina prokuratura organlari bundan mustasno. Oxirgi uch yilda Bosh prokuratura va hududiy prokuratura organlarida qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmagan. Yanayam to‘g‘riroq aytadigan bo‘lsak, Svetlana Ortiqova Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lganidan buyon.
Prokuratura organlarida oxirgi 3 yildan buyon qiynoqlar yo‘qligi haqidagi fikrni Svetlana Ortiqova ilgari surdi. Xo‘sh, demak 2019 yilgacha bo‘lgan davrda qiynoqlar bo‘lgan ekan-da. Bo‘lganda-chi... QALAMPIR.UZ’da 2020 yilning fevral oyida e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” filmi shu haqda hikoya qiladi. Biroq, o‘sha vaqtda ham, hozir ham Bosh prokuratura qiynoqlar bo‘lganini tan olmagan, olmaydi. Olmaydiyam-da!
Joriy yilning 31 mart kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qiynoqlar masalasi yana kun tartibidan joy oldi. Unda QALAMPIR.UZ jurnalist Feruza Najmiddinova Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga yuzlanib, huquq-tartibot organlarida davom etib kelayotgan qiynoqlarning oldini olish borasida ishlar sustligi va alohida Tergov qo‘mitasini tashkil etish kechikayotgani sabablarini so‘radi. Ortiqova savolga “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlikdir” degan gapga rioya qilgan holda javob qaytardi.
U savolga javob berarkan, 2020 yilning 21 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan va O‘zbekistondagi ko‘plab tashkilotlarni qiynoqlarga qarshi kurashishga boshlagan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar” nomli maqola va filmni esladi va shunday dedi:
“Saytingizda e’lon qilingan prokuraturadagi qiynoqlar haqidagi maqola o‘z tasdig‘ini topmagan. Bosh prokuratura o‘z saytida bergan bayonotini ham QALAMPIR.UZ’da e’lon qilmadingiz. Men o‘qiganim yo‘q. Bu holatda oshkoralik qayerda qoldi, bilmadim?! Lekin, biz javob berdik. U javob sizga yoqmagan bo‘lishi mumkin. Lekin u holat o‘z tasdig‘ini topmadi”.
Hurmatli Svetlana Boymirzayevna, yuqorida siz tilga olgan surishtiruv va iddaolaringiz bo‘yicha quyidagilarni eslatamiz:
– “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus film QALAMPIR.UZ sayti va uning barcha ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida 2020 yilning 21 fevral kuni;
– Bosh prokuraturaning ushbu filmga nisbatan Bosh prokuratura Telegram kanalida 2020 yilning 22 fevral kuni 16:09 da e’lon qilgan ilk rasmiy bayonoti QALAMPIR.UZ sayti va uning barcha sahifalarida “Bosh prokuratura tergovdagi dahshatli qiynoqlar haqidagi filmga nisbatan munosabat bildirdi” nomi bilan 2020 yil 22 fevral kuni soat 16:15 da e’lon qilingan.
Oradan to‘rt oydan ko‘proq vaqt o‘tib, 2020 yilning 24 iyun kuni soat 09:57 da QALAMPIR.UZ Bosh muharriri Sunnatilla Abdullayevga Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali Bosh prokuraturaning rasmiy sahifalarida e’lon qilinmagan xabarni yuborgan. Unda 2020 yilning 21 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” filmi va maqolasi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bayon qilingan. Shuni alohida aytib o‘tish o‘rinliki, 2020 yilning 22 fevral kuni Bosh prokuratura Telegram’dagi sahifasi orqali yuqori nomi keltirilgan film va maqola asosida o‘rganish o‘tkazishni boshlagan va natijalari e’lon qilinishini aytgan bo‘lsa-da, natijalar Bosh prokuraturaning rasmiy sahifalarida e’lon qilinmadi. Aksincha, QALAMPIR.UZ Bosh muharriri Sunnatilla Abdullayevga yuborildi, xolos.
Bu ma’lumot esa QALAMPIR.UZ sayti va barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali 25 iyun soat 20:19 da “Bosh prokuratura tergovida qiynoqlar bo‘lgan...mi? BP tekshiruv natijasi bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga maktub yo‘lladi” nomi bilan e’lon qilingan edi.
Ehtimol Bosh prokuratura matbuot xizmati idoraning rasmiy bayonoti QALAMPIR.UZ’da e’lon qilinganini o‘z vaqtida rahbariyatiga yetkazmagandir yoki o‘zi ham bexabardir. Bu esa Svetlana Ortiqova aytganidek, “oshkoralik qayergadir yo‘qolib qoldi?”, deya xulosa chiqarishga asos bo‘la olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus filmda 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon qilingandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazib, qiynoqqa solgani ma’lum qilingandi.
Ushbu film e’lon qilinganidan so‘ng, qiynoqlar masalasi jamoatchilik vakillari va blogerlar bilan cheklanib qolmay, o‘zbek siyosiy elitasiga yetib bordi. Hatto, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham qiynoqlarni qoraladi. Shaxsan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va boshqa rasmiylar ham qiynoqlar haqida gapira boshladi. Tergovdagi noinsoniyliklar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida ham bot-bot tilga olindi.
LiveBarchasi