Ayovsiz kaltaklab o‘ldirishgan – Nig‘matilla Yo‘ldoshev tergovdagi qiynoqlar haqida
Jamiyat
−
12 may 2020
66967O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida tergov vaqtida qiynoqqa solish holatlarining oldini olshi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
“Jinoyat kodeksining 235-moddasida qiynoqqa solish masalalari belgilangan. Unga ko‘ra, endilikda nafaqat huquq-tartibot idoralari xodimlari, ular bilan birgalikda barcha davlat va mahalliy hokimiyat organlarining xodimlari, shu bilan birga oddiy fuqarolar ham ushbu jinoyat sub’ekti bo‘lishi mumkin. 235-modda (qiynoqqa solish) sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi 7 yildan 10 yilga uzaytirildi.
Sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim tergov harakatlari – voqea joyini ko‘zdan kechirish, tergov ekspertizasi o‘tkazish, voqea sodir bo‘lgan joyga chiqqan holda o‘rganish masalallari bevosita videoyozuv olgan holda o‘tkazilishi imkon yaratildi. Tashkiliy jihatdan har bir huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ichki nazorat tizimi bor. Ushbu inspeksiya xodimlar ustidan tushgan shikoyat va arizalarni o‘rganib, nomunosib xodimlarni chetlatish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, tergov hibsxonasi va tergov izolyatori, vaqtincha ushlab turish xonasi va jazoni ijro etish muassasalarida 3 mingdan ortiq ham audio, ham video yozuv uskunalari o‘rnatildi”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, qiynoqqa solish holatlari o‘z kasbi bo‘yicha yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lmagan, saviyasi past xodimlar tomonidan sodir etiladi.
“Tergovda qiynoqqa solish bo‘yicha qonun buzilish hollari o‘z kasbida yetarli tajriba, malakaga ega bo‘lmagan, saviyasi past xodimlar tomonidan sodir etilishini ham alohida ta’kidlash kerak. Ular qonuniy yo‘l bilan jinoyatni fosh qilish yo‘lini bilmagani uchun shunga qo‘l urishadi”, dedi Yo‘ldoshev.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ro‘y bergan voqeani misol qilib ko‘rsatdi.
“Chiroqchi tumanida tuman ichki ishlar bo‘limining ikki nafar xodimi – Jonqobilov va Oblayevlar o‘g‘rilikda gumon qilingan fuqaroni ichki ishlar binosida ayovsiz kaltaklab, shafqatsizlarcha tan jarohati yetkazib o‘ldirishgan. Oqibatda uning 4 nafar farzandi yetim bo‘lib qoldi.
Ular jazosini oladi, lekin bu bilan nima o‘nglanib qoladi? Shu nuqtayi nazardan, davlat rahbari tomonidan bunday holatlarning sabablarini aniqlash, keyinchalik bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tergov, tergovgacha tekshiruv va surishtiruv ishlarini takomillashtirish topshirig‘i berildi. Bu bo‘yicha prokuratura tomonidan Prezident farmoni va qarori loyihalari ishlab chiqilgan”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Tergov organlaridagi qiynoq masalasida saytimizda ham jiddiy jurnalistik surishtiruv natijalari e’lon qilingandi. “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqolada “Bekobod metallurgiya ishi” jinoiy ishi bo‘yicha bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani va ular Bosh prokuratura binosida ayovsiz tahqirlangani hamdaqiynoqqa solingani haqida so‘z yuritilgan.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev eslatib o‘tgan “Chiroqchi voqeasi”ga kelsak, joriy yilning yanvar oyida Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli fuqaro IIB binosida kaltaklanib, vafot etgan edi.
Shundan so‘ng ikki nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olinib, keyinroq, mart oyida Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari ishdan олинgaнди. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ishi qay ahvolda, uning yakunlari bo‘yicha boshqa ma’lumotlar berilmagan.
LiveBarchasi