Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
17 mart
2124Ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va barqaror daromad olishni kafolatlash uchun Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Senatning beshinchi yalpi majlisida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi chog‘ida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, sohada asosan kreditni qaytarmaslik xavfini sug‘urtalash amaliyoti keng foydalanilayotgan bo‘lsada, bunday sug‘urta faqat imtiyozli kreditlarni qaytarilishiga xizmat qilib, yetishtiriladigan hosil sug‘urtasiz qolib ketmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qonunda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bilan bog‘liq barcha masalalar va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi normalar qamrab olingan.
“Jumladan, ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va barqaror daromad olishni kafolatlash uchun Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, sohaning sug‘urtadagi yo‘qotishlarni baholash, sug‘urta hodisalari bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash mustaqil ekspertlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasida qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalashda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratilishi nazarda tutilmoqda.
Xususan, sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi, sug‘urtalangan tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan ko‘radigan zararlarni qoplash uchun Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jamg‘armasining mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda uning qolgan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.
Sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’ektlarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 14 fevral kuni qabul qilingan “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilishi belgilangandi.
LiveBarchasi