Kurs UZS

USD

12 947.07

6.49

EUR

14 033.33

-11.08

RUB

155.01

1.79

Xalq dardi: radar, shtraf, jarima ballari – Hafta tahlili

Tahlil

Bu shu kunlarda menga yuborilgan jarimalar qaydnomalari. O‘ylab qarasam, oddiy o‘zbekistonlikning oylik maoshining yarmini bir oylik jarimalarga sarflar ekanman. Albatta, qoida buzilgandan keyin jarima to‘lanishi tabiiy. Lekin kameralar jarimalarni to‘g‘ri qayd etayotganiga ishonchimiz komilmi? Nega ayrim yo‘llarda, ba’zi ko‘cha va chorrahalarda bir necha kameralar qo‘yilgan? Kamiga ular himoya kamarini taqmaganlik bo‘yicha ham jarimalarni yozishni boshlabdi. Yozsa yozsin, ammo insof bilan yozsin. Tunov kuni bir tanishimga ham himoya kamari taqmagani uchun jarima xati kelibdi. Lekin u himoya kamarini taqqan, faqat kiyimi kamarni kamera ilg‘amaydigan tarzda to‘sib qo‘ygan. Xo‘sh, bu adolatdanmi? O‘zi bunday holatlarni O‘zbekistonda ko‘p ko‘rasiz. Deyarli har kuni uchraydigan misolingizni aytaymi? Yo‘l bo‘yi chiziqqa ko‘zingiz tushmaydi, lekin svetoforga, aniqroq aytsam, kameralar joylashgan hududga kelganda qayerdandir chiziq paydo bo‘lib qoladi. Eng qizig‘i, o‘sha chiziq chizilgan ayrim yo‘llarning ahvoliga qarab bo‘lmaydi, haydovchi chuqurga tushmaslik uchun avtomobil rulini boshqa tomonga zudlik bilan burishga va chiziqni bosishga majbur. Bu haydovchiga qo‘yilgan tuzoqmi? Yaqinda xorijda bo‘lib qaytdim va u yerda ham avtomobil boshqardim, tezligim o‘rtacha 70-80 bo‘ldi. Ayrim joylarda 140 gacha ko‘tardim, majbur bo‘lgan holatlarimda chiziqlarni ham bosdim. Lekin oldindan jarimalar uchun depozit to‘lab qo‘yganimga qaramay, menga hech qanday jarima qayd etilmagan. Shuyam adolatdanmi, dedim o‘zimga o‘zim. Xo‘sh, siz oyiga qancha jarima to‘layapsiz? Kameralar qaydi bo‘yicha tuzilayotgan bayonnomalarni adolatli, deb ayta olasizmi? Assalomu alaykum. Kameralar qarshisidan uzoqlashmang. Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonida siz bilan gaplashadigan gaplarimiz hali juda ko‘p. Fikrlaringizni esa izohlarda yozib boring, layk bosing, faol bo‘ling, videoni do‘stlaringiz bilan ulashing.

Yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushadi

O‘rtoqlar, hushyor bo‘linglar, tugayotgan haftada Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 1 maydan haydovchilar tomonidan sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushadi va ballar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Ya’ni kameralar qaydlariga nisbatan ball tizimi amal qilmaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi uchinchi va beshinchi qismlarida, 126-moddasida, 127-moddasi birinchi qismida, 1283-moddacida, 1284-moddasi ikkinchi qismida, 1285, 1286, 1288, 1289, 129, 130-moddalarida, 137-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda haydovchiga nisbatan ushbu moddalarda belgilangan asosiy jazodan tashqari, jarima ballari ham belgilanmoqda.

Jarima ballari haydovchilar birinchi qoidabuzarlikni sodir etgan kundan boshlab keyingi yilning shu kuniga qadar amalda hisoblanadi (keyingi o‘rinlarda – jarima ballarini hisoblash davri).

Jarima ballarini hisoblash davrida jami jarima ballari o‘n ikki ballga yetmasa, to‘plangan ballar keyingi jarima ballarini hisoblash davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va jarima ballarini hisoblash yangidan boshlanadi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Prezident inson omilini kamaytirish, korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni yo‘qotish haqida gapirib turgan bir paytda O‘zbekistonda bunday amaliyotning joriy qilinishi yana jarimalarni hisoblashga inson omilining aralashuvi va yana korrupsiyaga sabab bo‘lmaydimi? Buni kim nazorat qiladi? Qila oladimi?

Shu o‘rinda qaysi qoidabuzarlik uchun qanday jarima bali hisoblanishiga to‘xtalsak.

Masalan, 126-moddasiga ko‘ra, tonirovka bilan bog‘liq qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilsa yarim ball, bir yilda ikkinchi marta aniqlansa, 1 ball hisoblanadi. 1283-moddasiga ko‘ra belgilangan tezlikni oshirish yarim balldan 2 ballgacha hisoblanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, haydovchilarning to‘ylarda guruh bo‘lib, boshqa avtomobillarga xalal bergan holda harakatlanishi ularning hisobiga 2 ball yozilishiga olib keladi. Ushbu qarorning barcha tafsilotlari bilan yuqorida aytganimdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida tanishishingiz mumkin. Qaror 4 aprelgacha muhokamada bo‘ladi.

Darvoqe, shu o‘rinda yana bir yangilikni aytib ketay. Endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti, ya’ni avtobus uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Hozir amalda bo‘lgan qonunchilikda bunday javobgarlik choralari nazarda tutilmagan edi.

Jumladan, avtobuslar uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Yo‘llardagi chuqurni hokimlik emas, bog‘cha opalar yamadi

Dastur avvalida haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishiga hamisha ham o‘zi sabab bo‘lmasligi, yo‘llardagi o‘ydim-chuqurlar buning eng asosiy omillaridan biri ekanini aytgandim. Olmazor tumanining Qamarniso ko‘chasi haydovchilarga qo‘yilgan qopqondek kameralarga to‘lib yotibdi. O‘zi ikki “polosa”li yo‘lning bir qismi aynan kameraga tushadigan qismida katta chuqur hosil bo‘lgan. Bu safar chuqurni hokimlik emas, bog‘cha opalar yamadi.

Shu hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani “Lollipop” xususiy bog‘chasi xodimlari ish qurollari bilan bog‘chaning qarshisidagi yo‘l chuqurlarini yamayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ muxbiri zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Bog‘cha xodimasining tahririyat jurnalistiga ma’lum qilishicha, ayollarning hech biri majburiy mehnatga jalb qilinmagan.

Bog‘cha xodimasi jurnalistga yo‘l ancha vaqtdan beri mutasaddilar tomonidan ta’mirlanmagani sababli atrofdagi o‘ydim-chuqurlarni yamashga o‘z xohishlari bilan yeng shimarganlarini aytdi.

Holatni o‘rganish davomida yo‘ldan o‘tayotgan bir nechta haydovchilar to‘xtab, bog‘cha opalarga yordam berganini ko‘rdik. Qiziq, haydovchilarning xatolariga poyloqchi bo‘lgan o‘sha yo‘lning yuqorisida turgan kameralar bu holatni ham yozib olganmikan?

Videolar ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan qariyb ikki soat o‘tib, Olmazor tumanidan maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari kelib, muassasa direktoridan ishchilarni olib kirib ketishini, ularga yuqoridan gap tekkanini aytgan.

Oradan bir kun o‘tib, bog‘cha opalar tomonidan yamalgan chuqur butkul o‘yib tashlanib, asfalt yotqizish uchun tayyorlab qo‘yilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan keyin Toshkent shahar hokimligi tilga kirib, fuqarolarni yo‘llardagi chuqurlarga toqatli bo‘lishga chaqirdi.

“Ta’mirlash tashabbuskorlarini yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan yamashdan tiyilishga va toqatli bo‘lishga chaqiramiz. Barcha zarur ta’mirlash ishlari tasdiqlangan jadval asosida va texnik me’yorlarga rioya qilingan holda bajarilmoqda. Biz faol fuqarolik pozitsiyasi uchun shaharliklarga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu g‘ayratni yanada samarali yo‘naltirishga undaymiz – Xalq nazorati portaliga murojaatlar yuboring, noto‘g‘ri ta’mirlash holatlarini suratlar bilan qayd eting va ijroni kuzatib boring. Faolligingiz shahrimizni yanada yaxshilashga yordam beradi!” deyiladi hokimlik munosabatida.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev xalqqa murojaat yo‘lladi

Aholi va tadbirkorlarni, shu jumladan investorlarni jinoiy tajovuzlardan himoyalash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Bu O‘zbekiston Bosh prokurorining shu hafta xalqqa yo‘llagan murojaatida bergan va’dasi. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning xalqqa murojaat yo‘llashi so‘nggi uch yilda an’ana tusiga kirgan. Uning galdagi murojaati mavzusi korrupsiya va u keltirib chiqarayotgan omillarga qarshi kurashish, mamlakatda qonuniylikni ta’minlash bo‘ldi.

Uning bildirishicha, ayni damda O‘zbekistonda jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.

Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz.

Bosh prokurorga ko‘ra, endi prokurorlar har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tiborni kuchaytiradi, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimi joriy qilinadi.  

Murojaatning mana bu qismini yaxshilab yodingizda saqlab qoling! Endi tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi. Bundan chiqdi, tergov hibsxonalaridan, boring ana “ROVD”lardan o‘lik chiqmaydimi?

Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, to‘liq, eng asosiysi, xolis va qonuniy o‘tkazilishini ta’minlashga, tergov xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Eng asosiysi, odamlarning tergov idoralarida sarson bo‘lishiga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha choralarini ko‘ramiz.

Ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini qo‘llashda adolatni ta’minlash, himoya huquqini mustahkamlash, advokatlar faoliyatiga to‘sqinliklarni bartaraf etish prokurorlarning alohida e’tiborida bo‘ladi.

Shuningdek, Bosh prokurorning va’da qilishicha, bundan buyon prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi bo‘g‘inigacha, umuman, barcha kuch va vositalar korrupsiyaga qarshi kurashishga to‘liq safarbar qilinadi.

Korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha borib, har bir sohaga chuqur kirishni aytyapti Yo‘ldoshev.

“Byudjet mablag‘lari, jumladan subsidiya va boshqa ko‘rinishdagi davlat ko‘magining sarflanishi, davlat xaridlari, xizmat ko‘rsatish jarayonlari, umuman, aholimiz ko‘p duch keladigan sohalarda turli suiiste’molchilik va byurokratik to‘siqlarning oldini olish, qonuniylikni ta’minlash diqqat markazimizda bo‘ladi.

Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, barcha sohalarni raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish choralariga alohida mas’uliyat bilan yondashamiz.

Korrupsiyani fosh etishga doir hamkorlikdagi tadbirlarni ham yanada jadallashtiramiz, umuman, aholi va tadbirkorlarni, shu jumladan investorlarni jinoiy tajovuzlardan himoyalash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz”.

Bu ishlarni Bosh prokuror kimlar bilan qilmoqchi degan savol sizni ham qiynayotgandir. Albatta, prokuratura jamoasi bilan. Ko‘nglingizga kelmasidan aytib olay, Yo‘ldoshev yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun xodimlarining bilimi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish choralarini izchil davom ettirishni ham va’da qildi va albatta, jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda prokuratura xodimlari xalqning ko‘magiga tayanishini qistirib o‘tdi.

Bosh prokuror tergov adolatsizlikka, odamlarning tergov idoralarida sarson bo‘lishiga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha choralarini ko‘rishni lafz qilib turgan bir paytda Senat yalpi majlisida tergovdagi qiynoqlar masalasi ko‘tarildi va haftaning eng shov-shuvli voqeasiga aylandi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.

Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi va Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, muloqotda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv avvalida Kerol Miller xonim O‘zbekiston rahbariga AQSH Prezidenti Donald Tramp, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. Bildirilishicha, faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ortdi, biznes kooperatsiyasi kuchaymoqda.

Kerol Miller Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, demokratik institutlarni, eng avvalo, parlamentni mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar natijalarini yuksak baholagan.

Iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni, shu jumladan tog‘-kon, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Biroq Prezident matbuot xizmati bunda gap aynan qaysi loyihalar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Va albatta, muloqotda mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

Kerol Miller Prezidentning qizi bilan esa ta’lim sohasidagi islohotlar, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, bu yo‘nalishlarda Kongress bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari haqida gaplashgan.

Hafta boshida Shavkat Mirziyoyev AQSHning markaziy va janubiy shtatlarida ro‘y bergan halokatli tornadolar oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani, jarohat olgani va katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Donald Trampga ta’ziyanoma yo‘lladi. Tramp ham Mirziyoyevning maktubini javobsiz qoldirmay, uni Navro‘z bilan tabriklab, xat jo‘natdi.

Trapm o‘z tabrigida mamlakatlar o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatilayotganini yuksak qadrlashini va Mirziyoyevning izchil islohotlar dasturini olqishlashini bildirgan va AQSH Shtatlari O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo‘lishini va’da qilgan. Shuningdek, u, Mirziyoyev bilan zamonaning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutishini bildirgan.

Bu hafta Saida Mirziyoyevaning ham kun tartibi tig‘iz kechdi. Davlat rahbarining qizi shu hafta Qozog‘istonga bordi. U yerda Mirziyoyeva shafeligidagi “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti namoyish etildi.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan uchrashib, 3-4 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti xususida gaplashib oldi. Shu hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Markaziy Osiyodagi mavqedoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, ular bilan O‘zbekistonda o‘tadigan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi sammitlar bo‘yicha fikr almashdi.

Qamoqqa olinganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin

Qiynoq, o‘lim. Yangi O‘zbekistonda ham Ichki ishlar tizimi, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni bulardan xoli tarzda tasavvur qilib bo‘lmayapti. Qay shaklda bo‘layotganidan qat’i nazar, mahkumlar o‘z joniga qasd qilyaptimi, yo berilgan xulosalarga ishonsak, yuragi yorilib o‘lyaptimi, ahamiyatsiz, O‘zbekiston qamoqxonalaridan odamlarning o‘ligi chiqyapti. Bu masala joriy hafta Senat yalpi majlisida ham ko‘tarildi. Ammo yalpi majlisda ishtirok etgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov senatorlarning 2024 yilda qiynoqlar oqibatida vafot etish holatlari va ularning sabablari haqidagi savolini ochiq qoldirdi.

Senat yalpi majlisida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. Qonun qabul qilingudek bo‘lsa, endilikda O‘zbekistonda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin o‘sha yerning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.

Bildirilishicha, qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishni, ularning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.

Xo‘sh, ushbu qonunning qabul qilinishi oddiy til bilan aytganda odamlarga nima beradi? Biz odatda tergov hibsxonalaridan o‘ligi chiqqan mahkumlar haqidagi xabarlarga berilgan rasmiy izohlarni o‘qiganimizda, ularda marhum mahkumlar kasal bo‘lgani, sog‘lig‘ida jiddiy muammolar sabab vafot etgani aytilishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Mahkumlarning yaqinlari esa bu bayonotlarni keskin rad etib, ekspertiza xulosalariga ishonchsizlik bildirib keladi. Menimcha, bu qonunning qabul qilinishi orqali mahkumlarning qamoqqa kirishi oldidan salomatligining aniq holati haqida yetarlicha faktlar qo‘lga kiritilishi mumkin.

Toshkentdagi tungi klubda chiqqan janjal

Toshkentdagi tungi klubda chiqqan janjal oqibatida 35 yashar fuqaro bir-ikki musht ortidan komaga tushdi. 16 mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mijoz sifatida kelgan 1995 yilda tug‘ilgan erkak 1985 yilda tug‘ilgan tanishi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 1990 yilda tug‘ilgan shaxs ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida 1995 yilda tug‘ilgan Akmal Shukurov uni urib, tan jarohati yetkazgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ko‘rinadiki, 35 yashar arman millatiga mansub Boris Avakyan bir necha mushtdan so‘ng bor bo‘yi bilan yiqilgan va hushini yo‘qotgan.

Shifoxonaga yetkazilgan bemorga bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Boris Avakyanni do‘pposlagan yigit esa oz fursat ichida qo‘shni Qozog‘istonga qochishga ulgurdi. U huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Akmal Shukurov tergovdan qochib yashiringanligi sababli unga nisbatan sirtdan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

“Boris hodisa oqibatida bosh suyagining sinishi, miya shishi, miya qon ketishi, chap tomonda chakka suyagining chiziqli sinishi, o‘ngda parietal suyakning sinishi jarohatini olgan. Favqulodda 5 soatlik operatsiya o‘tkazildi, shundan so‘ng u sun’iy komaga tushirildi. Uning hayoti xavf ostida!” deb yozgan uning yaqinlaridan biri ijtimoiy tarmoqda.

Yozilishicha, jarohat olgan erkakning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor.

Bu tungi klublarda sodir bo‘layotgan yagona holat emas. Nafaqat Toshkent, balki respublikaning deyarli barcha hududlarida tungi soatlarda faoliyat yuritadigan restoran, kafe, bar, tungi klublarda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. 2017 yilda O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratilib, jinoyatchilikning oldini olish masalasiga jiddiy yondashilgan paytlarda bunday tungi maskanlar atrofida profilaktika inspektorlari xizmat xonalari tashkil etilgan edi. Haftaning har payshanbasi esa profilaktika kuni deb e’lon qilingandi. Oxirgi vaqtlarda esa profilaktika masalasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgandek.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi marta kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tadbirkorlar uchun qator yangiliklar yangradi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5,2 ming gektar yerni yaxlit holda savdoga qo‘yib, 49 yilga ijaraga berish boshlangan. Bildirilishicha, bu yerda tadbirkorlarga o‘zi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurishiga ham ruxsat berilgan.

Endilikda shu yilning o‘zida yana 30 ming gektar yerlar yangi tizim asosida savdoga chiqariladi.

Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan katta dastur ishlab chiqilib, unga 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.

Bundan buyon tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Ya’ni ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.

Prezident mana shu imkoniyatga to‘xtalarkan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilganini qayd etdi. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari mas’ullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekanini bildirdi.

Fermerlar uchun ham yangilikning zo‘ri bor. Fermerlar soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi.

Qolaversa, endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Shuningdek, hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib o‘tiradi. Shu bois bu jarayon ham soddalashtiriladi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Bundan tashqari, 2028 yil 1 yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmaydi.

Shu o‘rinda yana bir xabarni aytib ketsam: Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlar ishlari bilan tanishdi. Unda poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ko‘rib chiqildi va Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgani aytildi.

Loyihaga ko‘ra, Buyuk ipak yo‘li metrosidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta bekat quriladi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.

O‘zbekiston kichik quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasida ishtirok etadi

O‘zbekiston Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasida ishtirok etish bo‘yicha uchta Fransiya kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “O‘zatom” Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston xorijiy hamkorlarni nafaqat texnologik tajribasi, balki moliyaviy sabablar tufayli ham jalb qilishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Ahmedxo‘jayev Fransiyani eng ilg‘or texnologiyalarni taklif qilayotgan davlatlardan biri sifatida baholagan.

Fransiya kompaniyalari bilan muzokaralar Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlatga tashrifi doirasida faollashdi. “Le Figaro” nashrining yozishicha, Fransiya O‘zbekistonning uran konlariga katta qiziqish bildirmoqda.

Aytib o‘tish o‘rinliki, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).

Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.

O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovitish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Toshkent Rossiya Bosh prokuror Shavkat Mirziyoev Evropa Donal'd Tramp Xitoy Korruptsiya Senat Nig'matilla Yo'ldoshev radar Jarima Yangi O'zbekiston atom elektr stantsiyasi Kerol Miller Akmal Shukurov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing