Korrupsiyaviy holatlar eng ko‘p uchraydigan sohalar aytildi
Jamiyat
−
17 mart
9696O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori ekani qayd etildi. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, sog‘liqni saqlash sohasida – 527 ta, bandlik bo‘yicha – 447 ta, banklarda – 434 ta korrupsiyaviy holat qayd etilgan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens nazorat) bo‘linmalarining o‘rni va mas’uliyati sezilmayotgani ta’kidlangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohaga oid xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmagani, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagani aytilgan.
“Byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillar aniqlanmagan, o‘rganilmagan hamda tahlil qilinmagan. Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar ko‘paygan. Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati talabga javob bermaydi, ular mahallalar bilan o‘zaro hamkorlik qilmagan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Davlat xizmatlari bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yilmagani, prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi faoliyati talabga javob bermasligi tanqid qilingan.
Muhokama yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilingan.
LiveBarchasi