Senatda IIV rasmiysi hibsxonadagi qiynoqlar haqida savol berilganda aravani quruq olib qochdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 18 mart kuni Senat beshinchi yalpi majlisida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov senatorning savoliga javob bera olmadi. Holat Senatning rasmiy sahifasida jonli tarzda translyatsiya qilindi. 

Majlisda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024 yildagi faoliyati muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida senator Xusan Ermatov Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, so‘roq jarayonini stenogramma qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan xonalarni tashkil etish bo‘yicha ishlar qay darajada ekani yuzasidan IIV mas’ullariga savol berdi.

Savolga IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov javob berdi. Uning aytishicha, bugungi kunda departament va uning hududiy bo‘limlarida tergov harakatlarini audio va video qayt etish tizimlari bilan jihozlangan 57 ta maxsus xonalar tashkil etilgan. Jinoyatlarni tergov qiluvchi xodimlar jami 1414 nafarni tashkil etib, ular xizmat olib borayotgan barcha xonalarga 1237 ta ovoz yozish xususiyatiga ega bo‘lgan videoyozuv kameralari o‘rnatilgan. Barcha kameralar tergov boshqarmalari boshliqlarining xizmat xonasiga integratsiya qilingan. Bildirilishicha, yozib olingan videolar 6 oy muddatda saqlanadigan xotira qurilmalari bilan jihozlangan. Bu bilan barcha tergov harakatlari ya’ni tergov xodimlarining xizmat xonalarida olib borilayotgan tergov harakatlari muntazam ravishda yozib boriladi.

Sherzod Shermatovning aytishicha, ichki ishlar organlariga olib kelingan, ushlab turilgan, qamoqda saqlab kelinayotgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar bilan protsessual harakatlarni maxsus xonalarda, shu jumladan, ular saqlanayotgan joylarda o‘tkazish uchun sharoitlar ham yaratilgan. Jazoni ijro etish departamenti bo‘ysunuvidagi jami tergov hibsxonalari 12 tani tashkil etadi. Mazkur tergov hibsxonalarida 32 ta tergov harakatlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar tashkil etilgan. Ularning barchasiga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Biroq Shermatov senatorning o‘tgan 2024 yilda qiynoqlar oqibatida vafot etish holatlari va ularning sabablari haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Shundan keyin Senat raisi Tanzila Norboyeva Tergov departamenti boshqarma boshlig‘iga ombudsman tomonidan o‘tgan yili shunday turdagi holatlar yuzasidan qancha ariza tushgani bo‘yicha savol berdi.

“Bizga kelgan arizalarni hamkorlikda ko‘rib chiqyapmiz. Ushbu arizalar belgilangan muddatlarda javoblarni va amalga oshirilgan, ko‘rib chiqilgan tekshiruv natijalar bo‘yicha vaqtida axborotlarni berib bormoqdamiz. Hozir aniq hisobot, statistik ma’lumotlar yo‘q”,  deya javob berdi Shermatov.

Senat Raisi esa javobdan qoniqmadi va hisobot davriga tayyor bo‘lib kelish kerakligini aytib, unga dakki berdi.

“Oldimizda statistika yo‘q, lekin hammasini nazorat qilamiz, hammasini bajaramiz, degan gaplar umumiy gaplar. Shuning uchun bundan keyin bu tarzda javob bermang, javobingiz qabul qilinmaydi”, dedi Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Senat hibsxona qiynoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing