“Bekobod ishi”: Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari qiynoqlarga qarshiligini aytdi. Senatorlar-chi?
Tahlil
−
29 fevral 2020
15679Yaqinda QALAMPIR.UZ’da “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va film e’lon qilingandi. Unda “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan tergovdagi shaxslarga (tadbirkorlarga) turli darajada jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilgani aytilgandi. Bu borada jamoatchilik, deputatlar va siyosiy partiyalar o‘z munosabatini bildirib o‘tdi. Kecha, 28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida ayrim senatorlar mazkur voqea yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Senator Tolib Madumarov tadbirkorga sharoit yaratilishi lozimligi, tadbirkorlar xato qilsa, ularning xatolari ko‘rsatilishi va birdaniga vakolatlardan foydalanib, jazolash mexanizmidan qochish haqida gapirdi.
“Bir narsani bilish kerak! Odam odam bilan suhbatlashishi uchun o‘ziga xos intellekt, o‘ziga xos qobiliyati bo‘lishi talab etiladi. Prokurorga “yuqoridan” tadbirkorga tegma degan talab qo‘yilyapti. Chunki taraqqiyotimiz, istiqbolimiz shularga bog‘liq. O‘zimiz uyda tadbirkorlik qilib, bitta daraxt ekib, meva ololmayotgan paytimizda, bugun “men qonunning egasiman sen nima qilyapsan” degan narsani qilmoqdamiz.
Bugungacha 100 dan ortiq qonun, qarorlar chiqardik. Ichki ishlar, prokuratura tergovi sohasidagi ayrim kamchiliklarga oydinlik kiritilyapti. Tadbirkor yurtga, davlatga qarshi ish qilayotgani yo‘q. Ishida xatolik bo‘lsa, to‘g‘rilab qo‘y-da, lekin uni birdan jazolama degan masala qo‘yilyapti. Buning ham konsepsiyasi yaratildi. Har holda bu yil davlatimiz tadbirkorlik sohasida taraqqiyot pillapoyalaridan asta chiqmoqda (tahr.). Oldin bu imkoniyatlar yo‘q edi. Mana endi chiqayotgan odamning bo‘ynini egma, sharoit yaratib ber deb aytilmoqda”, deydi Madumarov.
Boshqa bir senator Farmon Toshevga ko‘ra, tergov jarayonida so‘nggi vaqtlarda qonunbuzilish holatlariga ko‘p duch kelinmoqda. Davlatda jamiyat va tashkilotlar o‘rtasidagi muvozanatni ushlab turadigan me’yorlar bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda mana shunday me’yorlar bo‘lsa-da, amaliyotda sinab ko‘rilgani yo‘q.
“Ba’zan u tashkilot, ba’zan bu tashkilot o‘zini oqlab qolyapti. Lekin har qanday holatda ham tashkilotlar insonning erki, huquqi, erkin yashashiga tazyiq o‘tkazishga haqqi yo‘q. Mana shunday tazyiqlar o‘tkazish huquqi hech qaysi davlatning konstitutsiyasida ham, musulmonchilikda ham belgilanmagan. Shuning uchun ham davlat rahbari bunga qarshi tashkilot rahbarining saviyasini oshirish va ma’rifat orqali kurashish kerak, deb aytmoqda”, deydi Toshev.
U shuningdek, kimgadir jismoniy yo ruhiy tazyiq o‘tkazgani uchun tergovchini ishdan olish bilan mazkur muammo o‘z yechimini topmasligini aytadi. Muammolar tizimli tahlil etilib, odamlarni tarbiyalash lozim. Har qanday holatda ham jazo olmagan jinoyatning darajasi o‘sadi.
“Har bir masalani yaxshilab o‘rganish kerak. Chunki murojaat qiluvchi ham ba’zan haddidan oshib ketishi mumkin. Alam, dard insonni har qanday ko‘yga soladi. Buni to‘g‘ri tushunishimiz zarur. Yillar davomida ularni gapirmaslikka o‘rgatib keldik-da. Endi gapira olmasa, ayblamaylik. Vaziyatni o‘rganib, to‘g‘ri gapirishga o‘rgatish darkor.
Davlat rahbari murojaatchini kutib o‘tirma, borib joyida gaplash deb aytmoqda. Ichki ishlar organlari, prokuratura va sudlarga ham shunday talablar qo‘yilyapti. Bahoni xalq beradi deyilmoqda. Bular bir kunda amalga oshadigan islohotlar emas. Har qanday insonga tajovuz qoralanadi. Ichki ishlar, prokuratura xalq bilan kunda duch kelgani uchun ayrimlarining noto‘g‘ri ishlari ko‘zga tashlanib qolyapti. Boshqa tashkilotlarda bunday holatlar yo‘q deb o‘ylaysizmi?”, deb senator boshqa tashkilotlarda ham shunday tazyiqlar uchrab turishi mumkinligiga urg‘u berdi.
Majlis vaqti QALAMPIR.UZ muxbiri Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatovga ushbu masalada savol bilan yuzlandi. Xolmahmatov bu masala atroflicha o‘rganilayotgani va rahbariyat har qanday darajadagi qiynoqqa qarshi ekanini aytdi.
“Bu masla ko‘rib chiqilmoqda. Biz har qanday qiynoqlarga qarshimiz!”, deydi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari.
2019 dekabr oyida jabrlanuvchilarning advokatlari tahririyatga murojaat qilgandi. Shundan so‘ng muxbirimiz o‘z jurnalistik surishtiruvini boshladi. Film va maqolada 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani aytilgan. Keyinroq ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Abdusattor Shukurov va boshqa jabrlanuvchilar tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani haqida QALAMPIR.UZ mikrofoniga gapirgan.
“Boshida havo yetguncha ushlab turdim. Keyin iloji bo‘lmadi. Bor kuchim bilan Fayziyevni itarib, “sellofan”ni yirtib tashladim. Shu payt ularning jahli chiqib meni har tarafdan urib tashladi. Yerda qancha yotganimni bilmayman. Bir payt qulog‘imga “bo‘ldi, o‘lib qoladi, o‘lib qolsa, o‘ligi tirigidan qimmat” degan ovozlar keldi. O‘zimga kelishim uchun “nashatыr” spirtini hidlatishdi, sovuq qotayotganimga qaramay yalang‘och holimga ustimdan suv sepishdi”, deb Shukurov bo‘lib o‘tgan ayanchli voqealarni esga olgandi.
Film va maqolada sud jarayoniga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan iddaolar va munosabatlardan foydalanilmagan. Unda faqatgina tergov jarayonidagi harakatlar yoritilgan va jinoyat ishi mavzusiga, tomonlarga e’tibor qaratilmagan.
BOSH PROKURATURANING O‘ZI QANDAY REAKSIYA BILDIRDI?
Oradan bir kun o‘tib, Bosh prokuratura maqola va film yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bayonotda holat yuzasidan Bosh prokuratura tekshirish harakatlarini boshlagani va tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanishi aytilgan.
DEPUTAT KUSHERBOEV BU SAFAR HAM JIM TURMADI
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev shunday munosabat bildirgandi. “Prokuratura mas’ullarining amalga oshirgan bunday g‘ayriqonuniy harakatlari toqat qilib bo‘lmas holat. Bu tizim fuqarolarning haqiqiy himoyachisiga aylanishi uchun qanday chora va isloh zarur bo‘lsa, buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bosh maqsad odamlarni rozi qilish va adolatni tiklash bo‘lib qolishi lozim”.
“ADOLAT” “BEKOBOD ISHI” BO‘YICHA ADOLAT ISTAB MAYDONGA CHIQDI
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi voqeaga Bosh prokuratura tezkor munosabat bildirganini aytib, ommaviy axborot vositalarining “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanish sari dadil qadamlar tashlanayotganini qayd etgandi. Shuningdek, partiya Bosh prokuraturadan masalaga nisbatan adolat talab qilib shunday munosabat bildirgandi:
“Umid qilamizki, Bosh prokuratura mazkur ishni qonuniy tartibda ko‘rib chiqadi hamda adolat ta’minlanishiga erishadi. Zero inson har narsaga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chidolmaydi. Adolatsizlik adolatni ta’minlovchi idoralar tomonidan sodir etilsa, bir necha karra og‘riqli bo‘ladi. Bu kabi holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amalga oshirilgan islohotlar bugungi kun shiddatidan ortda qolayotganini anglatadi”.
QALAMPIR.UZ’DA CHIQQAN MATERIAL PARLAMENT MAJLISIDA MUHOKAMA QILINDI
25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevga QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan film va tergovda qo‘llanilgan qiynoqlar masalasida ham bir qancha tanqidiy savollar berildi.
“22 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da juda yaxshi ko‘rsatuv chiqdi. Ayrim Bosh prokuratura tergovchilari, kechirasizlar-ku, fashistik azob berish usullarini qo‘llashar ekan. Hozir siz ma’ruzangizda primitiv qonun haqida so‘z ochdingiz. Mana shunday aniq holatlarda Ombudsmanning qudrati nimaga yetadi? Prezidentimiz mana shunday ochiqlik, oshkoralik siyosatini olib borayotgan davrda inson tafakkuri bunday qiynoqlarga chiday olmaydi. Ulug‘bekjon, nima qilamiz? Bu savol ochiq qolib ketmasligi kerak”, deya deputat Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanga savol bilan yuzlandi.
“Bizda “Bekobod ishi” bilan bog‘liq holatlar xavotir uyg‘otmoqda. Lekin Ombudsman institutida mana shunday ariza-shikoyatlarni o‘rganib chiqish, fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, kerak bo‘lsa, mansabdorlar masalasini ko‘tarish bo‘yicha vakolatlar mavjud. Yana Ombudsmanda qonunbuzilishi holatlarida tegishli taqdimnoma kiritish huquqi ham bor. O‘tgan davrda tergovdagi shaxslarga qiynoqlar qo‘llanilgani haqida nechta taqdimnomalar kiritilgan? Bularning qanchasi o‘z tasdig‘ini topgan? Yoki Ombudsmanga ushbu instrumentlardan foydalanish uchun qo‘shimcha vakolatlar kerakmi? Qachon fuqarolar o‘z huquqlari mansabdorlar tomonidan buzilayotganda “ustingizdan Ombudsmanga murojaat qilaman” desa ular bu katta institut ekanini his qiladigan davr yetib keladi?”, deya Kusherboyev Ombudsmanni savolga tutdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov voqea yuzasidan Ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyevga topshiriq bergandi.
“Maqolani o‘qisa, har qanday odamga ta’sir qiladigan darajada tayyorlangan. Bosh prokuratura bu bo‘yicha alohida tekshiruv olib bormoqda. Sizlar bu masala nima bilan yakun topgani haqida bizga xabar berishingizni kutardik”, degandi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov.
XDP BOSH PROKURATURADAN TERGOVCHILAR HAQIDA MA’LUMOTLARNI OCHIQLASHNI TALAB QILDI
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu film va maqola yuzasidan o‘ta keskin bayonot bilan chiqdi. Partiya Bosh prokuraturadan voqealarga shunchaki tarixda deya baho bermasdan, unda nomlari qayd etilgan tergovchilar shaxsi, qaysi ishlarni yuritgani bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiqlashi va tegishli tartibdi jazolanishini talab qildi. Unda shunday jumlalar mavjud:
“Filmda ism-familiyasi aytilgan, Bosh prokuratura tergovchilari ekani ta’kidlanayotgan xodimlar hozir qayerda? Ular faoliyati davomida yana qanday ishlar bo‘yicha qanaqa tergov harakatlarini amalga oshirgan?.. Bu kabi savollarga javoblar aniq bo‘lishi muhim. Umuman, odamlarni dahshatli qiynoqlarga solgani aytilayotgan xodimlarning shaxsi ochiqlanishi, aybdorlar jamoatchilikka ko‘rsatilishi shart.
Tashkilotning obro‘sini saqlash, o‘z xodimlarini himoya qilish istagi inson sha’ni, hayoti daxlsizligi bilan bog‘liq holatlarda butunlay chetga surilishi kerak. Aybdorlar eshik ortida qoldiriladigan zamon yonimizda emas, ortimizda ekaniga odamlarni ishontirish uchun bunga avval o‘zimiz chin dildan ishona olishimiz o‘ta muhim”.
Partiya keskin e’tirozlar bildirishda davom etarkan, Bosh prokuratura rasmiylarini bu voqealarga “kechagi holat” degan iddao bilan, vaziyatni yengillashtirishga urinmaslikka chaqirgandi.
“Umid qilamizki, Bosh prokuratura filmda bayon etilgan qiynoqlarga “o‘sha vaqtdagi xatolar” sifatida yondashmaydi. Bu voqea butun prokuratura xodimlari faoliyatini chuqur tanqidiy tahlildan o‘tkazish zarurligiga jiddiy belgi sifatida qabul qilinishi eng to‘g‘ri qaror bo‘lardi”, deyilgandi partiya bayonotida.
LiveBarchasi