QALAMPIR.UZ effekti: Deputat Bosh prokuratura tergovidagi qiynoqlarni “fashistik azob” deb atadi
Jamiyat
−
26 fevral 2020
18526Joriy yilning 22 fevral kuni QALAMPIR.UZ saytida “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi daxshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va film e’lon qilingandi. Unda “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan tergovdagi shaxslarga turli darajada jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilgani aytilgandi. Voqea so‘nggi kunlarda jamoatchilik diqqat markazida turibdi.
Joriy yilning 25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda deputatlar Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsmanning 2019 yildagi faoliyati hisobotini tingladilar. Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyevga QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan tergovda qo‘llanilgan qiynoqlar masalasida ham bir qancha tanqidiy savollar berilgan.
Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tazyiqlarni qattiq tanqid ostiga oldi.
“22 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da juda yaxshi ko‘rsatuv chiqdi. Ayrim Bosh prokuratura tergovchilari, kechirasizlar-ku, fashistik azob berish usullarini qo‘llashar ekan. Hozir siz ma’ruzangizda primitiv qonun haqida so‘z ochdingiz. Mana shunday aniq holatlarda Ombudsmanning qudrati nimaga yetadi? Prezidentimiz mana shunday ochiqlik, oshkoralik siyosatini olib borayotgan davrda inson tafakkuri bunday qiynoqlarga chiday olmaydi. Ulug‘bekjon, nima qilamiz? Bu savol ochiq qolib ketmasligi kerak”, deya Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanga savol bilan yuzlangan.
Deputat Rasul Kusherboyev “Bekobod ishi” bo‘yicha tergovchilar tomonidan o‘tkazilgan qiynoqlar ko‘pchilikni xavotirga solganini aytib, tergov hibsxonalarida jabrlangan shaxslarning manfaati yuzasidan Ombudsman tegishli idoralarga qancha taqdimnomalar kiritgani, Ombusman institutinining vakolatlarini kengaytirish uchun vakilda takliflar bor-yo‘qligini so‘radi.
“Bizda “Bekobod ishi” bilan bog‘liq holatlar xavotir uyg‘otmoqda. Lekin Ombudsman institutida mana shunday ariza-shikoyatlarni o‘rganib chiqish, fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, kerak bo‘lsa, mansabdorlar masalasini ko‘tarish bo‘yicha vakolatlar mavjud. Yana Ombudsmanda qonunbuzilishi holatlarida tegishli taqdimnoma kiritish huquqi ham bor. O‘tgan davrda tergovdagi shaxslarga qiynoqlar qo‘llanilgani haqida nechta taqdimnomalar kiritilgan? Bularning qanchasi o‘z tasdig‘ini topgan? Yoki Ombudsmanga ushbu instrumentlardan foydalanish uchun qo‘shimcha vakolatlar kerakmi? Qachon fuqarolar o‘z huquqlari mansabdorlar tomonidan buzilayotganda “ustingizdan Ombudsmanga murojaat qilaman” desa ular bu katta institut ekanini his qiladigan davr yetib keladi?”, deya Kusherboyev Ombudsmanni savolga tutgan.
Deputat Safar Ostonov esa tergov jarayonlarida ish hujjatlariga soxta hujjatlar qo‘shilayotgani, jismoniy ta’sir qilish holatlari bo‘layotgani, hibsga olingan shaxslarning oldiga advokatlari kira olmayotgani, ularning yaqinlariga hibsga olingani haqida vaqtida xabar berilmayotgani, Ombudsman yuborgan so‘rovlarga hokimlar javob bermayotganini tanqid qildi.
“Shuncha murojaat qilibsizlar. Qayerlarga murojaat qildinglar va ularning natijasi nima bo‘ldi? Murojaatlar e’tiborga olindimi yoki yo‘q?”, deya Safar Ostonov Ulug‘bek Muhammadiyevga savollar bergan.
Yuqoridagi holatlarga Ulug‘bek Muhammadiyev quyidagicha javob qaytargan.
“Oldingi hisobotlarimizda mana shunday aniq qiynoqlar masalasi ko‘tarilmagandi. Qonunchilik bo‘yicha joylarga chiqib monitoring qilishda vakolatlar berildi. Bu bo‘yicha faoliyatimizni endi boshladik. Hali juda yaxshi ishlayapmiz deb aytolmaymiz”, deya Ombudsman faoliyatidan qoniqmayotganini aytdi.
U shuningdek, yil davomida oddiy fuqarolar va jazoni ijro etish muassasalaridagi shaxslarning murojaatini tahlil qilib borishi, har birining nazorati bo‘yicha Bosh prokuraturaga chiqishi, deputatlar aytgan muammolar bo‘yicha 138ta murojaatlar Bosh prokuraturaga kiritilganini aytib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish bo‘yicha 4 ta qaror bekor qilingani va ish qo‘shimcha tergovga yuborilganini ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Muhammadiyevdan “Bekobod ishi” masalasida unga avval murojaat bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radi. Ombudsman esa o‘tgan yili “O‘ZMETKOMBINAT” AJning bir xodimi unga murojaat qilgani va uning murojaati tegishli tartibda nazoratga olinib, Bosh prokuraturaga chiqarilganini aytdi.
“Bizga hamma tashkilotlar javob xati beradi. Ammo siz aytgan masala o‘z tasdig‘ini topmadi deb javob qaytarishadi”, deydi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyev.
Nurdinjon Ismoilov Bosh prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotgani haqida fikr bildirib, bu bo‘yicha Ombudsmanning ham xulosalarini kutishini aytgan.
“Maqolani o‘qisa, har qanday odamga ta’sir qiladigan darajada tayyorlangan. Bosh prokuratura bu bo‘yicha alohida tekshiruv olib bormoqda. Sizlar bu masala nima bilan yakun topgani haqida bizga xabar berishingizni kutardik”, deydi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov.
Eslatib o‘tamiz, maxsus film va maqoladi Bosh prokuratura tomonidan 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi jinoyat-protsessual qonunchiligiga zid ravishda o‘tkazilganligi, tergovda ishtirok etganlar asossiz qamoqqa olinib, ularga va yaqinlariga Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilib, qiynoqqa solingani yoritilgan.
Shu bilan birga, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani ma’lum qilingandi. Hozirda bu ish bo‘yicha Bosh prokuratura tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Hozirga qadar partiyalardan birgina Adolat sotsial-demokratik partiyasi o‘z munosabatini bildirdi. Unda partiya alohida Tergov organi tuzish talabi bilan chiqdi. Biroq saylov jarayonlarida qoplab va’dalar bergan boshqa partiyalar hamon sukut saqlamoqda.
LiveBarchasi