“Aka Sharif”ning ukasiga akasini YouTube’da haqorat qilgani uchun sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
27 mart
37382O‘zbek kino olamida “Aka Sharif” roli bilan tanilgan Tolib Hojiyevning ukasi A.Hojiyev javobgarlikka tortildi. Bu haqda 2025 yilning 20 mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi hukm chiqargan.
QALAMPIR.UZ ixtiyoridagi sud hujjatida keltirilishicha, aktyor Tolib Hojiyevning tug‘ishgan ukasi A.Hojiyev 2024 yil 8 oktyabr kuni “Milliy TV” telekanalida namoyish qilingan “Ochilmagan sir” nomli ko‘rsatuvning YouTube’ga joylashtirilgan “Qudam meni shantaj qildi” nomli sonining sharhiga o‘ziga tegishli profil orqali izoh qoldirgan va akasining shaxsiy sirlarini ommaga oshkor qilib, uni turli so‘zlar bilan haqorat qilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi Alimardon Hojiyev aybiga qisman iqrorligini bildirib, tug‘ishgan akasi bilan 2022 yil aprel oyidan buyon oralariga sovuqchilik tushganini, akasini haqorat qilishiga esa shu ko‘rsatuvning 33-daqiqasida “noqobilroq ukamiz, chala huquqshunos, ichki hasad, meni qamatmoqchi bo‘ldi” deb uni nazarda tutib, u haqida gapirganini, ushbu ko‘rsatuvning YouTube platformasiga joylanishi uning or-nomusiga, sha’niga, ishchanlik qobiliyatiga, jamiyatdagi obro‘siga putur yetkazganini, akasi bu ishni unda shaxsiy adovati borligi uchun qilganini, buni isbotlash maqsadida YouTube platformasiga joylangan “Ochilmagan sir” ko‘rsatuvi ostida kommentariylar bo‘limida o‘z fikrlarini bildirganini aytgan.
Alimardon Hojiyev hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, bunaqa holat boshqa takrorlanmasligini, uning oilaviy sharoitini inobatga olib, ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘rab ko‘rsatma bergan.
Ammo uning akasi va jabrlanuvchi Tolib Hojiyev sud majlisida ukasi uni “Xudosiz”, “Iymonsiz”, “Otasiga oq bo‘lgan”, “Nahs”, “Fohishaboz”, “Oqpadar”, “Nomussiz”, “Otasidan xazar qilgan” va hokazo haqoratli so‘zlar bilan haqorat qilganligini aytib, ukasiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, sudlanuvchi Alimardon Hojiyev, jabrlanuvchi va guvohning ko‘rsatuvlarini eshitib, sudlanuvchining jinoyat sodir etganlikdagi aybi, uning aybiga qisman iqror bo‘lib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, uning aybi yuqorida qayd etilgan dalillardan tashqari, sudga oid lingvistika ekspertizasi xulosasi, narsani ashyoviy dalil deb topish qarori, yuzlashtirish bayonnomalari bilan hamda jinoyat ishida mavjud bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 95-moddasi tartibida tekshirilgan va baholangan boshqa ob’ektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq tasdiqlangan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 va 28-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 454-457 , 463, 465-468 , 471-473-moddalariga amal qilib, quyidagicha sud hukm qilgan:
“Hojiyev Alimardon Tojiyevich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin va unga ish haqining 15 (o‘n besh) foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlansin.
Jazo muddati mahkumni jazoni o‘tash uchun yuborilgan korxona, muassasa, tashkilotda ish boshlagan kundan hisoblansin. Hukm ijrosini nazorat qilish Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman IIO FMB zimmasiga yuklatilsin.
Hukm qonuniy kuchga kirgach:
- A.Hojiyevga qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi bekor qilinsin.
- Manfaatdor tomonlarga sudlanuvchining jinoyati natijasida o‘tkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirilsin”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyevani haqoratlagan fuqaroga 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi.
LiveBarchasi