Rasman: endi O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar sodir etish uchun o‘qitilganlar jazolanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bugun, 27 mart kuni qabul qilingan qonun bilan Jinoyat kodeksiga shuni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish kiritildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasiga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunga ko‘ra, shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi:

BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Shuningdek, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘quvdan o‘tgani to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek, o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining amaldagi 244-moddasida ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish, qurol qo‘llab hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va shu kabi boshqa huquqbuzarliklar uchun  BHMning 300 baravari miqdorida jarimadan 15 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar nazarda tutilgan.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jinoyat kodeksi ommaviy tartibsizlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing