Bosh prokuratura tergovdagi dahshatli qiynoqlar haqidagi filmga nisbatan munosabat bildirdi
Jamiyat
−
22 fevral 2020
40283Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va film e’lon qilingan edi. Mazkur filmga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot berdi. Unda shunday deyiladi:
“Joriy yilning 21 fevral kuni “Qalampir.uz” saytida “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (+18)” nomli maqola va film e’lon qilindi.
Unda Bosh prokuratura tomonidan 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi jinoyat-protsessual qonunchiligiga zid ravishda o‘tkazilganligi, tergovda ishtirok etganlar asossiz qamoqqa olinib, ularga va yaqinlariga Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilib, qiynoqqa solinganliklari yoritilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Bosh prokuratura tomonidan tekshirish harakatlari boshlandi.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”.
Eslatib o‘tamiz, maqolada 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani ma’lum qilingandi.
O‘ylaymizki, Bosh prokuratura ish yuzasidan xolis tekshiruv olib boradi, tomonlarning fikrlarini inobatga oladi va asl aybdorlar o‘z jazosini oladi.
LiveBarchasi