Qashqadaryoda soliqchilar 122 mln so‘mni cho‘ntagiga urdi

3-sahifa

−

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida soliq inspeksiyasining uch nafar xodimi 97 nafar soliq to‘lovchidan 122,6 mln so‘mni olib, o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalarning faoliyati o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, ular 97 nafar soliq to‘lovchidan go‘yoki soliq qarzdorligini so‘ndirish maqsadida jami 122,6 mln so‘m olgan. Biroq mazkur mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmasdan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing