Bosh prokuratura tergovida qiynoqlar bo‘lgan...mi? BP tekshiruv natijasi bo‘yicha QALAMPIR.UZ'ga maktub yo‘lladi
Jamiyat
−
25 iyun 2020
13617Joriy yilning fevral oyida QALAMPIR.UZ’da “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus filmni e’lon qilgandi.
Ushbu filmda 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazib, qiynoqqa solgani ma’lum qilingandi.
Ushbu film va unda yoritilgan masala hozirgacha jamoatchilik, siyosiy elita diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Mazkur filmda jamoatchilik o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar Rasul Kusherboyev va Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanni so‘roqqa tutdi. Xurshid Do‘stmuhammad Bosh prokuratura tergovidagi qiynoqlarni “fashistik azob” deb atadi.
Va nihoyat oradan 4 oy o‘tib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu filmda yoritilgan masala bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazib, natijalarini xat orqali QALAMPIR.UZ’ga yo‘lladi. Ushbu maktubni – filmda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar natijalarini Bosh prokuratura saytida rasman e’lon qilinishini so‘rashimizga qaramay, BP Matbuot xizmati uni rad etdi. Bosh prokuratura o‘z maktubining avvalini QALAMPIR.UZ’ning xatolarini sanashdan boshlagan. Ushbu bayonotni to‘liq va imloviy xatolari bilan taqdim etishni ma’qul topdik. Maktubda shunday deyiladi:
2020 yil 21 fevral kuni “QALAMPIR.UZ” saytida e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi daxshatli qiynoqlar 18+” nomli maqola va videofilm yuzasidan rasmiy bayonot
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining markaziy mahkamasi tomonidan joriy yil 21 fevral kuni “QALAMPIR.UZ” saytida qo‘yilgan “Bosh prokuraturadagi daxshatli qiynoqlar 18+” nomli maqola va videofilmda keltirilgan holatlar va vajlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Mamlakatimizda so‘z erkinligini mustahkamlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda jurnalistlik faoliyati, qolaversa davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami beqiyos.
“QALAMPIR.UZ” sayti muxbirlari holatga to‘liq aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga murojaat qilmagan. Vaholanki Matbuot xizmati tomonidan barcha ommaviy axborot vositalari xususan mazkur sayt bilan ham hamkorlikda bir qancha maqolalar tayyorlangan.
Biroq, maqola va videofilmni tayyorlashda “QALAMPIR.UZ” sayti muxbiri tomonidan bir tomonlama yondashilib, materiallar sudlanuvchilarning ko‘rsatmalariga asoslangan xolos.
Qolaversa, “QALAMPIR.UZ” sayti mas’ullari tomonidan mazkur moqalani chop etish va videofilmni saytga qo‘yishdan oldin tayyorlangan materiallar ko‘rib chiqilishi va dastlabki tahrirdan o‘tkazilishi, ushbu turdagi materiallar tayyorlanishida amaldagi qonun hujjatlarga rioya etilishi shartligi yuzasidan mas’ul muxbirga tushuntirish berishi kerak emasmidi.
“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida – O‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi belgilangan.
Shunday ekan, “QALAMPIR.UZ” saytining har bir muxbiri xoxlagan mavzuda haqqoniylik va xolislikka amal qilmasdan o‘z bilishicha “Sensatsion” materiallar tayyorlab, keng omma muhokamasiga chiqarib yuborishi qanchalik to‘g‘ri.
Videofilmda Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jinoyat ishini tergov qilishda ayblanuvchilarga nisbatan ruhiy bosim va jismoniy qiynoqlar qo‘llanilganligi bayon qilingan.
O‘rganish natijalari yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan 20.08.2017 yilda “O‘zmetkombinat” AJ va 49 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov yakuniga ko‘ra, videofilmda intervyu bergan Abdusattor Shukurov, Sanobar Yoqubova, Bahodir Halilov, Javlon Halilov, Ravshan Asomov, Zuxriddin Zakirov, Mavjuda Zakirova, Dilfuza Xoliqova va Alisher Uzoqovlarga Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi yuzasidan ayb e’lon qilingan hamda jinoyat ishi hujjatlari ko‘rib chiqish uchun sud muhokamasiga yuborilgan.
Ushbu shaxslarning ayblari jinoyat ishi hujjatlari bo‘yicha guvohlarning ko‘rsatmalari, yuzlashtirish bayonnomalari, ekspertiza xulosalari, daliliy ashyolar, taftish dalolatnomalari hamda inkor etib bo‘lmaydigan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlangan.
Bundan tashqari, jinoyat ishini sudda ko‘rish jarayonida korxonaning xo‘jalik faoliyati bo‘yicha qayta taftish tayinlanib, natijasiga ko‘ra tergovda o‘tkazilgan taftish asosli deb topilgan.
Videofilmda intervyu bergan shaxslarning vajlari quyidagilarga asosan inkor qilinadi. Xususan:
1. Videofilmda intervyu bergan Sanobar Yoqubova o‘zini halol tadbirkor sifatida tanishtirib, asossiz ravishda javobgarlikka tortilganligini bildirgan.
Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, S.Yoqubova tadbirkor sifatida tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy metall savdosi bilan shug‘ullanib, qora metall parchalarini fuqarolardan naqd pulga sotib olib, biror-bir buxgalteriya hujjatlarida kirim qilmasdan, ushbu qora metall parchalarini O.Sattarov va R.Mirzajonovlar rahbarligidagi uyushgan guruh a’zolari orqali “O‘zmetkombinat” AJga topshirib, uni qayta ishlatib, tayyor metall prokatlarini bozorda naqd pulga sotib, ushbu pullarni naqdlashtirish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Tergovda S.Yoqubova aybiga iqrorlik bildirib, jinoyatni ochishda faol yordam berganligi hamda 435 mln. so‘m zararni ixtiyoriy ravishda qoplaganligi sababli tergovda unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
2. Intervyu bergan advokat Umid Eshonqulov tergov yakuni bo‘yicha ayblanuvchilarga ayblov xulosasi taqdim etilmaganligini bildirgan.
Biroq, videofilmda ayblanuvchi S.Yoqubova tergov yakunida qo‘liga ayblov xulosasini olganini gapirib o‘tgan.
Shunday ekan, uydirma gaplarni kim tarqatyapti advokatmi yoki ayblanuvchimi?
3. Abdusattor Shukurov o‘z intervyusida 2017 yil iyun oyida tergovga chaqirtirilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan korxona faoliyati bo‘yicha so‘roq qilingani va yetkazilgan zararni to‘lashi lozimligi aytilganligini bildirgan.
Vaholanki, jinoyat ishi 2017 yil 24 avgust kuni ko‘zg‘atilgan bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning rahbarlari esa 2017 yil sentyabr oyidan tergovga jalb qilina boshlangan.
Shuningdek, A.Shukurov dastlab 11.09.2017 yilda chaqirilib, guvoh tariqasida so‘roq qilinganda, u firma faoliyatiga o‘zi rahbarlik qilganligi haqida ko‘rsatma bergan.
Lekin, tashkilotning moliyaviy harakatlari, pul mablag‘lari va tovar aylanmalari xususida berilgan savollarga umuman javob bera olmagan, biror-bir hujjat taqdim eta olmagan. Qonuniy rahbarlik faoliyatini olib borgan shaxs qanday qilib o‘z faoliyati haqida umuman hech narsa bilmasligi mumkin.
Bundan tashqari, A.Shukurov o‘z intervyusida uni qo‘rqitish maqsadida jiyani va o‘g‘lini Bosh prokuraturaga olib ketilganligi haqida ma’lum qilgan.
Aslida esa, A.Shukurovga tegishli hujjatlarni taftishga topshirish xususida aytilganidan so‘ng, u hujjatlarni olib kelish bahonasida ketib, tergovga kelishdan bo‘yin tovlab yurgan, bu orada uni o‘g‘li yoki yaqin qarindoshlari Bosh prokuraturaga olib kelinmagan.
Intervyuda A.Shukurov unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, Davlat xavfsizlik xizmatining hibsxonasi (Yunusobod tumanida joylashgan “Gvardeyskiy”)ga joylashtirilgan-ligini bayon qilgan.
Biroq, A.Shukurov tergovga kelishdan bo‘yin tovlab, yashirinib yurganligi sababli unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, DXXning tergov hibsxonasiga emas, balki Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan va o‘sha yerda saqlangan.
Shuningdek, A.Shukurov tergovchilar uni boshdan oyog‘igacha yechintirib, xonaga sovuq havo kiritish maqsadida derazalarni ochib, qiynaganligini bildirgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov guruhi a’zolari U.Umarov va S.Fayziyevlar o‘z xizmat faoliyatlarini olib borgan tergov xonasining oynalari Maxtumquli ko‘chasiga qaragani, xafvsizlik nuqtai nazaridan derazalarning ichki tomonidan panjara o‘rnatilgani, deraza tabaqalari aynan ichkariga ochilishi sababli, ularni ochish va xonaga sovuq havo kiritishning imkoni mavjud emasligi A.Shukurovning ko‘rsatmalari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligidan dalolat beradi.
A.Shukurov intervyuda tergov guruhi a’zolari tomonidan unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilganligini bayon qilgan. Bu holat ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Birinchidan, Bosh prokuratura tergov tarmoqlarining barcha xonalari va yo‘laklari ovozli video moslamalar bilan jihozlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv jarayonida videokameralar ko‘zdan kechirilganda bunday holatlar aniqlanmagan.
Ikkinchidan, amaldagi qonunchilikka asosan, har bir mahbus uni saqlash joylariga olib kelingan vaqtda IIB tibbiyot xodimlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkaziladi, tan jarohati yoki boshqa ruhiy bosim o‘tkazilganligi holati aniqlangan hollarda zaruriy hujjatlar zudlik bilan rasmiylashtirib, tegishliligicha ko‘rib chiqish uchun nazorat qiluvchi prokurorga yuboriladi.
Ammo, A.Shukurovda biror marta bunday holatlar kuzatilmagan hamda u tergov davomida unga tan jarohati yetkazilganligi haqida murojaat qilmagan.
Bundan tashqari, A.Shukurov tergovchi tomonidan “konvoyni dubinkasi” bilan unga tan jarohati yetkazilganligini bildirgan.
Videofilmda keltirilgan vajlarni o‘rganish jarayonida mahbuslarni tashishda ularni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Toshkent shahar IIBB AQB (Alohida qo‘riqlash bataloni) safdorlari o‘z tushuntirishlarida IIVning tegishli buyrug‘iga asosan o‘zlariga biriktirilgan qo‘riqlash vositalarini begona shaxslarga berish qat’iyan taqiqlanganligini bildirib, haqiqatdan ham Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasiga mahbuslarni olib kelishganligi, biroq tergov boshqarmasi tergovchilari yoki tergov guruhi a’zolari tomonidan konvoy xodimlariga biriktirilgan rezina tayoq olinganligini ko‘rmaganligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, intervyuda A.Shukurov tanasida jarrohlik amaliyotidan qolgan izlarni ko‘rsatib, mazkur amaliyot aynan tergovchilar tomonidan yetkazilgan tan jarohatlar yuzasidan amalga oshirilganligini bildirgan.
Biroq, e’tiborliroq ahamiyat bersangiz A.Shukurov intervyusining boshida mazkur jarrohlik amaliyoti jinoyat ishiga jalb qilinmasidan avval o‘tkazilganligini gapirib o‘tgan. Malakali jurnalist esa uning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ko‘rsatmalariga e’tibor qaratmagan.
Olib borilgan tergov harakatlarining videoyozuvlarida ham A.Shukurovning holatini kuzatish mumkin.
2018 yil 5 may kuni A.Shukurov bilan uning himoyachisi ishtirokida o‘tkazilgan shaxsni fotosurat orqali tanib olish tergov harakatida u ixtiyoriy ravishda o‘zining rahbarligidagi korxonaning xufyona rahbarini tanib olgan va norasmiy rahbarlari xususida ko‘rsatma bergan.
Shu bilan birga, guvohlar ham A.Shukurovni firma faoliyatini yuritishda “podstavnoy” rahbar bo‘lganligini, aslida firmani boshqa shaxslar yuritganligini tasdiqlagan.
Ta’kidlash joizki, tergov hibsxonasining ichki tartib qoidalariga asosan A.Shukurov saqlangan kamerada yana kimlar saqlanishi yoki u aynan qaysi kamerada saqlanishiga tergovchining aralashish vakolati bo‘lmagan.
A.Shukurovning yaqin qarindoshlari bilan uchrashish imkoni bo‘lmaganligi haqidagi vajlari ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Chunki, A.Shukurov tergov jarayonida turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li bilan uchrashib, zarur kiyimlar hamda gigiyena vositalarini olgan.
4. Videofilmning yana bir ishtirokchisi Bahodir Halilov “Art stal servis” va boshqa jami 8 ta MCHJlarning faoliyatiga norasmiy rahbarlik qilib, o‘zining noqonuniy harakatlari bilan davlat va jamiyat manfaatlariga jami 102 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
B.Halilov o‘z intervyusida tergovchilar uni to‘pig‘iga tepganligini hamda advokatdan voz kechmasa farzandi Javlon Halilovga zarar yetkazib, o‘g‘lini qamab qo‘yishlik bilan qo‘rqitganligini bayon qilgan.
Aslida esa, B.Halilovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, IIVning 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Tergov hibsxonasida o‘tkazilgan kechki tekshiruvda B.Halilov krovatdan tushayotgan vaqtda oyog‘i sirpanib ketib, yiqilishi natijasida chap yelkasi singan. Ushbu holat bo‘yicha tergov hibsxonasi tomonidan Bosh prokuraturaga xabarnoma berilmaguniga qadar tergovchilarning bundan xabari bo‘lmagan.
IIVning 1-sonli tergov hibsxonasi tomonidan B.Halilovning yelkasi va R.Asamovlarning oyog‘i singanligi holatlari yuzasidan fotosuratlar bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda B.Xalilov va R.Asamovlar o‘z tushuntirishlarida ularga nisbatan biror tarzda tazyiq o‘tkazilmaganligini ko‘rsatgan.
Ta’kidlash joiz, B.Halilov bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari uning himoyachisi ishtirokida o‘tkazilgan.
Shuningdek, B.Xalilovning o‘g‘li Javlon Halilov “Art stal servis” MCHJning rahbari lavozimida ishlab kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 30.3 mlrd. so‘m zarar yetkazganligi sababli unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shu bois, B.Halilovni farzandi J.Xalilovni qamab qo‘yish yoki unga boshqa bir zarar yetkazish bilan qo‘rqitishga zarurat bo‘lmagan.
Tergovda B.Halilov va J.Halilovlarning manfaatlarini advokat U.Eshonqulov himoya qilgan. Ularning ko‘rsatmalarida qarama-qarshilik kelib chiqqanligi sababli B.Halilov U.Eshonqulovning xizmatidan voz kechish bo‘yicha murojaat qilgan, u himoyachi U.Eshonqulov bilan xoli uchrashganidan so‘ng himoyachi xizmatidan voz kechish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. B.Halilov advokat U.Eshonqulovning himoyasidan o‘z murojaatiga asosan ixtiyoriy tarzda voz kechgan.
5. Javlon Halilov o‘z intervyusida u qiynoqqa solinganligini va pushaymonlik xati yozishga majburlanganligini ma’lum qilgan. Biroq, J.Halilov ishtirokidagi barcha tergov harakatlari uning himoyachisi U.Eshonqulov ishtirokida o‘tkazilib, unga nisbatan ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazilmagan.
Shu bilan birga, J.Halilov himoyachisi U.Eshonqulovning ishtirokisiz biror-bir ko‘rsatma bermagan va Bosh prokuraturada ushlab turilmagan.
6. Videofilm ishtirokchilaridan biri Ravshan Asamov aybsiz qamalganligini bildirgan.
R.Asamov o‘zining noqonuniy harakatlari bilan davlat va jamiyat manfaatlariga jami 87,2 mlrd. so‘m zarar yetkazib, dastlabki tergovda 41,6 mlrd. so‘mini qoplagan.
Jinoyat ishi bo‘yicha R.Asamov JKning 167-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalari bilan aybdor deb topilib, unga JKning 57-moddasini qo‘llab 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
7. Videofilmda Zuxritdin Zakirov 22.12.2017 yilda insult hastaligiga chalingan akasi X.Zakirov tergovga jalb qilinganligi natijasida sog‘ligi yomonlashib vafot etganini bildirgan.
Z.Zakirovning akasi X.Zakirov metall savdosi bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelganligi bois, haqiqatdan ham tergov organiga chaqirtirilgan.
Biroq, X.Zakirov tergovga chaqirtirilganga qadar 5 marta insult xastaligini boshidan kechirganligi sababli gapira olmasligi, uning sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligi inobatga olinib, u tergov harakatlariga jalb qilinmagan.
X.Zakirov Bosh prokuraturaga chaqirtilganidan 3 yil o‘tib vafot etgan.
Zuxritdin Zakirov “Aziya gold star” MCHJga rahbarlik qilib, o‘zining noqonuniy harakatlari bilan davlat va jamiyat manfaatlariga 1,6 mlrd. so‘m zarar yetkazganligi sababli unga nisbatan JKning 167-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, u “qamoq”da saqlangan. Z.Zakirovning huquqlari uch nafar himoyachilar tomonidan himoya qilingan.
Z.Zakirovning turmush o‘rtog‘i M.Zakirova “Elektr kabel tarmoq servis” MCHJga ma’lum bir muddat rahbarlik qilib, o‘zining noqonuniy harakatlari bilan davlat va jamiyat manfaatlariga 3,3 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
M.Zakirova yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplamaganligi sababli unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Zuxritdin Zakirovning opasi Dilfuza Xoliqova “Elektr kabel tarmoq servis” MCHJ rahbari bo‘lib, o‘zining noqonuniy harakatlari bilan davlat va jamiyat manfaatlariga 49,6 mlrd. so‘m zarar yetkazib, dastlabki tergovda 2,5 mlrd. so‘m miqdorini qoplagan.
D.Xoliqova JKning 167-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, videofilmda bir nechta advokatlar, jumladan U.Eshonqulov Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan normalar buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida bayon qilgan.
Advokatlarning mazkur vajlari asossizdir.
Birgina misol, advokat U.Eshonqulov ayblanuvchilarga qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini 7 oyga uzaytirish haqidagi qaror ayblanuvchilar va ularning himoyachilariga belgilangan muddatda tanishtirilmaganligi ma’lum qilgan.
Biroq, JPKning 247-moddasida qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi ishtirokida ko‘rib chiqilishi va zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, ushbu moddada qamoqda saqlab turish muddatni uzaytirish bilan bog‘liq qarorni ayblanuvchi yoki uning himoyachisiga tanishtirish majburiyligi ko‘rsatib o‘tilmagan.
“Qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash va qamoqda saqlash muddatini uzaytirish yuzasidan sudga taqdim etilgan iltmosnomalarni sudda ko‘rilishida ayblanuvchilar va ularning himoyachilari ishtiroki to‘liq ta’minlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Bosh prokuraturaning markaziy mahkamasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra biror - bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, videofilmdagi shaxslarga Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishini tergov qilish jarayonida biron - bir tazyiq yoki bosim o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ob’ektiv dalillar aniqlanmagan.
Alohida ta’kidlash joizki, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2020 yil 15 maydagi hukmi bilan Abdusattor Shukurov, Sanobar Yoqubova, Bahodir Halilov, Javlon Halilov, Ravshan Asomov, Zuxriddin Zakirov, Mavjuda Zakirova, Dilfuza Xoliqova va Alisher Uzoqovlar JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, ularning barchasiga tegishli jazo tayinlangan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, jinoyat ishi bo‘yicha aybdor shaxslarda odil sudlovga bo‘lgan negativ qarashlar zamirida tergov organini obro‘sizlantirish, real holatga nisbatan jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrlarni shakllantirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali faol chiqishlar qilingan.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr