Rossiyaga isiriq olib borgan ayol 8 yilga qamaldi

Olam

image

Rossiyada ikki Tojikiston fuqarosi mamlakatga isiriq olib kirishga uringanlikda ayblanib, sudga tortildi. Ulardan biri 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Tojikiston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Unda aytilishicha, ayollar isiriqni “shaxsiy va tibbiy maqsadlarda” olib kirishga uringan, biroq Rossiya aeroportlarida ushlangan va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ayollardan biriga Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi (giyohvand moddalarni sotish maqsadini ko‘zlamay saqlash, tashish, ishlab chiqarish va qayta ishlash), shuningdek, 229.1-moddasi 3-qismi (tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni Rossiya bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

“Tergov yakunlangach, jinoyat ishi sudga yuborilib, sudlanuvchini 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqarildi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Hibsga olingan ikkinchi ayolning taqdiri haqida ma’lumot berilmagan.

Bosh prokuratura Tojikiston fuqarolarini Rossiyaga isiriq olib o‘tmaslik va bu davlat hududida foydalanishdan ogohlantirgan. Ta’kidlanishicha, 10 dan ortiq isiriq bog‘lamini tashigan va saqlaganlar 1 million rubl (153,4 million so‘m) miqdorida jarima yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

2024 yilning fevral oyida isiriq Rossiyada giyohvand moddalar o‘simliklari ro‘yxatiga kiritilgandi. Uning noqonuniy aylanishi, saqlash va iste’mol qilish uchun yuqori jarima yoki qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklardan o‘zlari bilan isiriq olmaslik so‘ralgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Bosh prokuratura Tojikiston isiriq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing