Rossiyada qiynoqlar yangilik emas, strategiya – BMT eksperti
Olam
−
30 Oktabr
4355Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rossiyadagi inson huquqlarining ahvoli bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova Bosh Assambleyadagi birinchi ma’ruzasida Moskvaning Ukrainada qo‘llayotgan qiynoqlarini repressiya vositasi sifatida baholadi. Bu haqda ma’ruzachining kecha, 29 oktyabr kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
Katsarovaning aytishicha, qiynash Rossiyada yangilik emas, lekin hozir “u muvofiqlashtirilgan strategiyaga aylandi”.
“Qiynoqlar urushning barcha tanqidchilari yoki Rossiya hukumati siyosatiga rozi bo‘lmagan dissidentlarning ovozini o‘chirish uchun mo‘ljallangan. 2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng miqyosli bosqindan beri qiynoqlar jamiyatni nazorat qilish va o‘zgacha fikrni bostirish, shuningdek, Rossiyadagi asosiy inson huquqlari va fuqarolik faoliyati maydoniga hujum qilish uchun davlat tomonidan tasdiqlangan tizimli zulm vositasiga aylandi”, deydi ekspert.
Katsarovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada kamida 1300 nafar siyosiy mahbus bor, ulardan 30 nafari jurnalist. Biroq bu raqam 1700 yoki undan yuqori bo‘lishi ham mumkin.
BMT hisobotining asosiy xulosalari shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qonunchiligida qiynoqlar uchun alohida jinoyat mavjud emas. Qiynoqlar faqat unchalik katta bo‘lmagan jinoyat sifatida javobgarlikka tortiladi.
Hisobot qiynoqlarning siyosiy mahbuslar, inson huquqlari va urushga qarshi faollar, vijdonan harbiy xizmatdan voz kechganlar va chaqiriluvchilar, advokatlar, jurnalistlar, migrantlar va boshpana izlovchilar, mahalliy xalq va ozchiliklar, ayol va qizlarga ta’sirini ko‘rsatadi.
Mariana Katsarovaning so‘zlariga ko‘ra, sudlar qiynoqlar haqidagi asosli xabarlarni muntazam e’tibordan chetda qoldirib, adolatdan ko‘ra jinoyatchilar tomoniga o‘tadi. Uning ta’kidlashicha, ushbu nazoratsiz jazosizlik oqibatida qiynoqlar Rossiya jamiyatida odatiy holga aylangan, bu yerda zo‘ravonlik maqbul deb qabul qilinadi va hatto rag‘batlantiriladi.
“Men Rossiya hukumatini qiynoqlar va shafqatsiz holatlarning jazosiz qolishiga barham berish uchun samarali javobgarlik tizimini yaratish uchun fundamental islohotlarni amalga oshirishga chaqiraman va xalqaro hamjamiyatni ichki jinoiy yurisdiksiyadan, shu jumladan universal yurisdiksiyadan foydalanishga, qiynoqlarda ayblanganlarni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqiraman”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) direktori Florens Bauer Rossiya bosqinidan beri Ukraina aholisi 10 million kishiga kamaygani, frontda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgani, yana 6,7 million kishi mamlakatni qochqin sifatida tark etganini ma’lum qilgandi. U, shuningdek, jangovar harakatlar tufayli Ukrainada deyarli odamlar yashamay qo‘ygan hududlar paydo bo‘lganini, u joylarda faqat qariyalar va oila qurishga qodir bo‘lmagan juftliklar qolganini ta’kidlagan.
LiveBarchasi