Rossiya Ukrainaga yirik dron hujumi uyushtirdi. Qurbonlar bor
Olam
−
22 mart
4277Kecha, 21 mart oqshomidan bugun, 22 mart tongiga qadar Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli dronlar hujumi uyushtirdi. Zaporoje, Xarkov, Sumi viloyatlari hamda Kiyev hujumlardan zarar ko‘rgan. 179 ta drondan 100 tasi urib tushirilgan. Umumiy hisobda besh kishi halok bo‘lib, bir necha o‘nlab odam jarohatlangan. Bu haqda Zaporoje harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Zaporoje viloyatida Rossiya zarbalari oqibatida 12 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida to‘qqiz oylik chaqaloq ham bor. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, voqea joyida 14 va 20 yoshli qiz halok bo‘lgan. Keyinchalik, shifoxonada og‘ir yaralangan 38 yoshli ayol ham vafot etgan. Hujum paytida turarjoylar, avtomobillar va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari yonib ketgan. Viloyat bo‘ylab 13 ta aholi punktiga dronlar va artilleriya yordamida jami 367 ta zarba berilgan.
Sumi viloyati harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 21 mart oqshomida aviatsiya va dron zarbalari oqibatida Krasnopole tumanida ikki kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, ikki nafar tinch aholi vakili yaralangan, madaniyat uyi, ma’muriy binolar, do‘konlar va turar-joylar zarar ko‘rgan.
Xerson viloyatida esa 21 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 06:00 dan 22 mart soat 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Rossiya zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana 14 kishi jarohat olgan.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoga ko‘ra, shaharning Podol tumanida Rossiya droni urib tushirilgandan so‘ng uning qoldiqlari turarjoy binosining tomiga qulab, yong‘inga sabab bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uch qavatli uyning eng yuqori qavatida yong‘in yuzaga kelgan va olov atrofga tarqalgan. Yong‘inni o‘chirish jarayonida o‘t o‘chiruvchilar to‘rt kishini evakuatsiya qilgan.
Ukraina Havo kuchlariga ko‘ra, o‘tgan tun davomida Rossiya hududga 179 ta Shahed dronlari va maxsus chalg‘ituvchi dronlar bilan hujum qilgan. Bugun, 22 mart tongiga kelib 100 ta dron mamlakat janubi, shimoli va markazida urib tushirilgan. Harbiylarning ta’kidlashicha, 63 ta Rossiya droni chalg‘ituvchi bo‘lib, ular nazoratdan yo‘qolgan va zarar yetkazmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning yettita mintaqasiga dronlar bilan hujum uyushtirgandi. Oqibatda Kaluga, Saratov, Voronej, Tambov va Rostov viloyatlaridagi sanoat korxonalari zarar ko‘rgan. 77 dron urib tushirilgan va yo‘q qilingan.
LiveBarchasi
Do‘rmonga o‘t ketdi.
20:26