Ukraina Rossiyaning 7 ta mintaqasiga dron hujumi uyushtirdi

Olam

image

Ukraina Rossiyaning yettita mintaqasiga dronlar bilan hujum uyushtirdi, oqibatda Kaluga, Saratov, Voronej, Tambov va Rostov viloyatlaridagi sanoat korxonalari zarar ko‘rdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum kecha, 12 mart kuni soat 20:00 da boshlangan va taxminan 11 soat davom etgan. 77 dron urib tushirilgan va yo‘q qilingan.

Kaluga viloyati gubernatori Vladislav Shapshaga ko‘ra, viloyatda 25 ta dron urib tushirilgan. Ulardan biri Dzerjinskiy tumanidagi sanoat korxonasiga qulagan va yong‘in yuzaga kelgan. Korxona xodimlaridan biri yengil jarohatlangan, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ushbu hududda oldin ham hujumga uchragan neftni qayta ishlash zavodi joylashgan. Shuningdek, Shapsha Xvastovich tumanida aloqa minorasi va elektr ta’minoti liniyasi shikastlanganini bildirgan.

Saratov viloyati gubernatori Roman Busarginga ko‘ra, dronlar hujumi oqibatida Petrovskiy tumanidagi turarjoy bo‘lmagan ob’ektlar zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. “Astra” kanali e’lon qilgan videoga ko‘ra, hujumga uchragan joylardan biri – Prigorodniy qishlog‘idagi “Gazovaya” elektr podstansiyasi. Ukraina manbalarining ta’kidlashicha, hujum maqsadi Petrovskiy magistral gaz quvurlarini boshqarish bo‘limi bo‘lgan. Ushbu korxona Saratov va Penza viloyatlarida gazni uzatish bilan shug‘ullanadi va beshta kompressor sexiga ega, ulardan biri zarba ostida qolgan. Ukrainaning ichki ishlar vazirining sobiq  o‘rinbosari Anton Gerashenkoning yozishicha, bu ma’lumotni tasdiqlovchi belgilardan biri – Rossiya aviatsiya xizmati Saratov va Penza aeroportlarida “Kovyor” rejasini joriy qilgani.

Rostov viloyatida dron qulagan joyda – Sholoxovskiy tumanidagi Kalininskiy qishlog‘ida joylashgan korxona hududida yong‘in sodir bo‘lgan. Viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Yuriy Slyusar yong‘in faqat “o‘t-o‘lanlarni” qamrab olganini va ob’ektga zarar yetmaganini bildirgan.

Tambov viloyatida dronlar Morshanskiy munitsipal okrugida qulagan. Voqea oqibatida bir korxonaning infratuzilmasi shikastlangan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Voronej viloyatida 12 mart kuni kechqurun dronlar viloyat janubidagi infratuzilma ob’ektiga zarba bergan va yong‘in kelib chiqqan. Gubernator Gusevning aytishicha, jabrlanganlar yo‘q.

Rossiya Mudofaa vazirligi bergan rasmiy xabarda Saratov va Tambov viloyatlari tilga olinmagan. Biroq Ukrainaga qo‘shni Bryansk (30), Belgorod (5) va Kursk (6) viloyatlarida dronlar urib tushirilgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Rossiyaning Moskva shahri va uning atrofiga Ukraina dronlari ommaviy hujum uyushtirgandi. Oqibatda 1 kishi halok bo‘lgan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 65 ta dronni urib tushirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing