O‘zbekiston va Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, o‘zaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlar parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirgan. Bu haqda O‘zbekiston rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatlarning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etgan.

Yetakchilar joriy yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganining 5 yilligi nishonlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlaganlar.

Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochgan.

“Savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldilar.

O‘zbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olindi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim hujjatlar imzolangan. Preferensial savdo to‘g‘risida, qurilish, sog‘liqni saqlash, adliya, bojxona va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidan. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish rejalashtirilgan.

Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qilgan.

Muzokaralar yakunida Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif bilan kelishni taklif etgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing