Imtihonlarda “o‘yin qilgan” abituriyentlar 7 yilgacha “deport” qilinishi mumkin
Jamiyat
−
29 mart 2022
5565OTMga kirish imtihonida tartibni buzgan abituriyentlar 5 yildan 7 yilgacha kirish imtihonida ishtirok etish huquqidan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Davlat test markazi (DTM) direktori Majid Karimov AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Hozirgacha kirish imtihonlarida tartibni buzgan, taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar imtihondan chetlashtiriladi. Agar bunday xatolik nazoratchilar tomonidan qilinsa, ular ham chetlashtiriladi. DTM bazasida qoida buzgan nazoratchilarning ro‘yxati bor. Har yili imtihonda nazoratchi bo‘lish uchun o‘qituvchilar ro‘yxati so‘raladi. Agar ular oldingi yillarda qoida buzgan bo‘lsa, bunday shaxs nazoratchilikka qo‘yilmaydi. Lekin qoida buzgan abituriyentlarga hech qanday qonuniy chora ko‘ra olmaymiz. Amaldagi normativ hujjatlarga ko‘ra, chora ko‘rish imkoni bizda mavjud emas. Har yili abituriyentlarni imtihonga kiritishda nazorat tizimlari bor. Barmoq izi, face-kontrol orqali tekshiriladi va shu orqali ular qattiq nazoratga olinadi”, deydi Majid Karimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, DTM Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar uchun qonuniy choralar ko‘rish yo‘llari ustida ishlamoqda.
“Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan abituriyentlarning imtihonda qatnashishini cheklash masalasi ko‘rilyapti. Bu borada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Tartibni buzgan abituriyentlar 5-7 yilgacha umuman kirish imtihonida ishtirok etmasligi, agar OTMda o‘qisa, talabalikdan chetlashtirish masalasini normativ-huquqiy jihatdan qonuniylashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqyapmiz. Hali bu bo‘yicha natija olganimiz yo‘q”, deya ta’kidladi Karimov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekistonda 2021 yilda 10 ta oliy ta’lim muassasasida 117 nafar talabaning Davlat test markazi ma’lumotnomasidagi ballari soxtalashtirilgani, shu orqali ularning "super-kontrakt" summalarining miqdori jami 9,6 mlrd so‘mga kam hisoblangani aniqlangandi.