Toshkentdagi OTMlarda darslarning boshlanish vaqti o‘zgardi

Jamiyat

image

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi smenasidagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 08:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta’lim jarayonini yanada maqbul tashkil etishga qaratilgan.

Vazirlikka ko‘ra, darslarning ertaroq boshlanishi talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va shahardagi transport oqimini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar va talabalar yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida mazkur tartibni inobatga olishlari so‘ralgan. Shuningdek, ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

Vazirlik mazkur tartibni joriy o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarining faqat birinchi smenasidagi o‘quv mashg‘ulotlariga taalluqli ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing