O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining 83 foizi ishli. Ishonasizmi?

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining aksariyati o‘qishni tamomlagach ish bilan ta’minlangan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining “Bitiruvchilar sifati indeksi” (BSI) platformasida ma’lumot berilgan.

Qayd etilishicha, tahlil 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalarini qamrab olgan. Ularning 206 951 nafari ya’ni 83 foizi ish bilan band.

Platformadagi ma’lumotlarga ko‘ra, bitiruvchilarning 41 006 nafari (16,4 foiz) ishsiz. Shuningdek, 19 314 nafari (7,7 foiz) ta’limni davom ettirmoqda, 48 125 nafari (19,3 foiz) esa bola parvarishlash ta’tilida.

Tahlilda 1 316 nafar (0,5 foiz) bitiruvchi xorijiy fuqaro ekani, 159 nafari (0,1 foiz) vafot etgani ham ko‘rsatilgan. Ta’limni davom ettirayotganlar, harbiy xizmatni o‘tayotganlar, bola parvarishlash ta’tilidagilar, vafot etganlar hamda xorijiy fuqarolar sof bandlik ko‘rsatkichini hisoblashda inobatga olinmagan.

Bitiruvchilarning o‘rtacha ish haqi 4,9 million so‘mni tashkil etgan. Ularning birinchi ishga joylashishiga o‘rtacha 2 oy 27 kun ketgan. So‘nggi olti oyda barqaror band bo‘lgan bitiruvchilar ulushi esa 42,9 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida bitiruvchilar sifati indeksining eng yuqori ko‘rsatkichi Navoiy viloyatida – 62,5 ball qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo viloyati – 62,1 ball va Toshkent shahri – 59,9 ball turibdi.

Umuman, BSI bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta’lim bitiruvchilarining umumiy sifati indeksi 100 balldan 53,4 ballni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistondagi oliygohlar bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 million so‘mni qayd etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing