O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha maoshi qanchaligi aytildi
Jamiyat
−
17 iyun 4900 2 daqiqa

Agentlik tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining sifat indeksi bo‘yicha dastlabki modellashtirish natijalari e’lon qilingan. 2025 yil 1 avgustdan 2026 yil 31 martgacha bo‘lgan 8 oylik kuzatuv davrini qamrab olgan ushbu tadqiqotda 114 ta oliygohning 242 602 nafar bitiruvchisi ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.
Umumiy natijalarga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha bitiruvchilar sifatining o‘rtacha indeksi 100 balldan 60,1 ballni tashkil etgan.
Asosiy mehnat bozori ko‘rsatkichlari:
- Bandlik darajasi: 75 foiz
- O‘rtacha oylik ish haqi: 5,1 million so‘m
- O‘rtacha ishga joylashish tezligi (muddati): 2 oy 1 kun
- Barqaror bandlik: bitiruvchilarning 60,1 foiz qismi kamida 4 oy davomida bir joyda barqaror faoliyat yuritgan.
Tahlillarga ko‘ra, mehnat bozorida eng katta moliyaviy takliflar biznes, huquq va texnologiya sohasi vakillariga tegishli bo‘lib turibdi:
- Biznes va boshqaruv – 8,5 million so‘m;
- Huquq – 7,3 million so‘m;
- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) – 6,8 million so‘m;
- Eng kam o‘rtacha maosh esa biologiya va turdosh fanlar (3,2 million so‘m) hamda veterinariya (3,4 million so‘m) yo‘nalishlarida kuzatilgan.
Indeks bali oliygohdagi ta’lim sifati va bitiruvchining bozordagi raqobatbardoshligini ifodalaydi. Bu borada quyidagi sohalar yetakchilik qilmoqda:
- Matematika va statistika – 69,6 ball;
- Ta’lim – 66,7 ball;
- Biznes va boshqaruv – 63,9 ball;
- Eng past indeks ko‘rsatkichi Transport xizmatlari (46,7 ball) sohasida qayd etilgan.
Grafik ma’lumotlariga e’tibor qaratilsa, eng tez ish topadigan soha vakillari ta’lim (o‘rtacha 47 kun), transport xizmatlari va qishloq xo‘jaligi (54 kun) yo‘nalishlari hisoblanadi. Eng uzoq muddatda ish topadiganlar esa huquq (97 kun) va gigiyena va ishlab chiqarishda mehnat muhofazasi (96 kun) bitiruvchilaridir. Bu huquqshunoslik va mehnat muhofazasi yo‘nalishlarida vakansiyalar tanlovi va saralash bosqichlari murakkabligi bilan izohlanishi mumkin.
To‘rt oy davomida barqaror ishlash ulushi bo‘yicha esa matematika va statistika (69 foiz) hamda ta’lim (67 foiz) sohalari eng yuqori barqarorlikni ko‘rsatgan. Mehnat muhofazasi va transport xizmatlarida esa bu ko‘rsatkich eng past (46 foizni) bo‘lib turibdi.
E’lon qilingan hisobotga ko‘ra, reytingda eng yaxshi natija ko‘rsatgan top-20 ta oliy ta’lim tashkilotining kariyera markazlari 500 million so‘mdan (jami 10 milliard so‘m) pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu raqamlar 8 oylik dastlabki modellashtirish xulosalaridir. To‘liq 12 oylik ma’lumotlarni qamrab oluvchi yakuniy indeks natijalari esa joriy yilning avgust oyida keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshgani haqida xabar qilingandi.
Live
Barchasi