Yilga tatigulik oy yoxud yanvarning “yara”lari
Tahlil
−
29 yanvar 2020
113572020 yilning birinchi oyi bilan xayrlashish arafasida turibmiz. Vaqt shu qadar tez o‘tmoqdaki, ko‘z ochib yumguningcha, dunyo ostin-ustun bo‘layotgandek. Yangi yil ham aqlbovar qilmas bo‘xronlar bilan boshlandi. Bir tarafda Yangi yil shukuhi, bir tarafda urush shamoli, urib tushirilgan samolyotlar va qurbonlar, ular ortidan yig‘lab qolgan begunoh odamlar... Bularning bari 30 kun ichida yo yuz berdi, yo avj olib ketdi. Ushbu maqolada yanvarning zalvorli voqealarini xotirlaymiz.
3 yanvar. Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) maxsus “Al-Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy AQSHning Iroq poytaxti Bag‘dodga uyushtirgan aviazarbasi vaqtida halok bo‘ldi. Pentagon operatsiyaga buyruq shaxsan AQSH Prezidenti Donald Trampdan kelganini ma’lum qilgan.
Qosim Sulaymoniy o‘limidan keyin Eron AQSHga tish qayradi va Sulaymoniyning o‘ldirilishi badali og‘ir bo‘lishini aytdi. 7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi Erondan AQSH qo‘shinlari joylashgan Iroqdagi ikkita bazaga raketalar bilan zarba berildi. Eronda ushbu zarbalar general Sulaymoniyning xuni uchun bo‘lgani aytildi. Hujum natijasida hech kim halok bo‘lmadi.
Ammo 5 yanvar kuni Sulaymoniy bilan xayrlashuv marosimida yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida 56 kishi halok bo‘ldi, 300 dan ortiq odam jarohatlandi.
8 yanvar. AQSH harbiy bazalariga hujumdan keyin Eron har qanday javobni qaytarish uchun harbiy shay holatga kelishi boshqa bir fojiaga yo‘l ochdi.
Eronda bortida 176 kishi bo‘lgan “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti quladi. Havo laynerida bo‘lgan barcha halok bo‘ldi. Oradan 3 kun o‘tib, 11 yanvar kuni Eron samolyot raketa bilan urib tushirilganini tan oldi va fojia inson xatosi tufayli yuz berganini ma’lum qildi.
Eron aybini tan olgach, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Tehron oldiga qator talablar qo‘ydi. Ularning orasida, aybdorlarni jazolash va qurbonlar oilasiga kompensatsiya to‘lash ham bor edi. Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Ukrainadan rasman kechirim so‘rab, Zelenskiyning barcha talablariga rozi bo‘ldi. Xalqaro dunyodan bo‘layotgan bosim yetmaganidek, mamlakatda mavjud tuzumga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi.
13 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Xitoyda yangi virus tarqalgani xaqida rasmiy xabar berildi. O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 11 yanvar kuni Uxan shahrida koronavirusning yangi tipidan birinchi odam vafot etgan. Yangi 2019-nCoV virusi Uxanda o‘tgan yilning dekabr oyida paydo bo‘lgandi. Xitoy hukumati 31 dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) mamlakatda epidemiya boshlanganidan ogohlantirgan.
JSST tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar ko‘plab mamlakatlarda aniqlandi. Jumladan, hozirgacha Kamboja, Gongkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Germaniya, Avstraliya, BAA va Malayziyada qayd qilingan.
Xitoyda ushbu virusdan kasallanganlar soni 6055 nafarga yetdi, qurbonlar soni 132 nafar. Dunyo bo‘yicha ushbu virusni yuqtirganlar 6145 nafarga yetdi. Avstraliyada yangi koronavirus laboratoriya usulida kashf qilindi. U kasallikni o‘rganishga yordam berishi taxmin qilinyapti.
15 yanvar. Avstraliya uchun favqulodda qurg‘oqchil kelgan 2019 yil o‘zi bilan o‘rmon yong‘inlarini olib keldi. O‘tgan yilning 4-choragi davomida tinmagan yong‘irlar 2020 yilning yanvar oyida shiddat olib, so‘ng yomg‘irlar sabab poyoniga yetdi. Yong‘inda 1 mln gektardan ortiq o‘rmon maydoni, yarim milliard mavjudot bilan birgalikda yonib ketdi. Shuningdek, yong‘inlar 100 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Yong‘indan keyin Avstraliyani yangi tabiiy ofatlar – kuchli yomg‘ir va sel o‘z domiga tortdi. Eng so‘nggida mamlakatga ulkan qum bo‘roni yopirildi.
Endilikda olimlarni yong‘inlar sabab 13 turdagi hayvonlar, shu jumladan, koala, kvokk, ingichka dumli qoya vallabilari, janubiy korrobori qurbaqasi, tarozili asalxo‘r qushi va g‘arbiy yer to‘tisining yo‘q bo‘lib ketishi xavfi tashvishga solmoqda.
21 yanvar. Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumanida 11 nafar o‘zbekistonlik migrant kichikkina yog‘ochdan qurilgan kulbasida yonib ketdi.
Yong‘in natijasida, uyning 208 kv metr maydonida tom va shift qismi yonib, qulagan. Ushbu xonadonda 14 ishchi yashagan, shulardan, 13 nafari O‘zbekiston, 1 nafari Rossiya fuqarosi bo‘lgan. Ulardan 12 nafari voqea joyida halok bo‘lgan va 2 nafar o‘zbekistonlikka shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan. Qurbonlar “Greenwood” MCHJ yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lgan.
Mazkur yong‘in qurbonlariga har tomonlama yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan maxsus komissiya tuzildi.
O‘zbekistonliklar jasadi 26 yanvar kuni Vatanga qaytarildi. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.
24 yanvar. Turkiyaning Elyazig‘, Malatya va Diyorbakir viloyatlarida 6,8 balli zilzila qayd etildi. Unda jami 41 kishi qurbon bo‘ldi. Qurbonlarning 37 nafari Elyazig‘dan, 4 nafar Diyorbakirdan. Yana ikki kishi qo‘rquv ortidan yurak xurujiga uchrab vafot etdi. Bor-yo‘g‘i 45 kishi vayronalar ostidan sog‘-salomat qutqarib qolingan. 76 ta bino vayronaga aylandi. 645 ta bino xavfli holatda. 541 ta bino o‘rta va oz xavf ostida ekani aytilmoqda.
Turkiyada bunday kuchli zilzilalarning takrorlanish xavfi yuqorligicha qolmoqda.
27 yanvar. Afg‘onistonda Amerika harbiylariga tegishli Bombardier E-11A samolyoti halokatga uchradi. Samolyot qulagan joydan ikki nafar uchuvchining jasadi topildi. Mazkur aviahalokat uchun, “Tolibon” harakati javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Ammo rasmiy ma’lumotlarda samolyot urib tushiriligani taxmini inkor qilindi.
27 yanvar. AQSHning Kaliforniya Kalabasas shahrida afsonaviy basketbolchi Kobi Brayant boshqaruvidagi vertolyot halokatga uchradi. 41 yoshli Kobi Brayant 13 yoshli qizini mashg‘ulotga olib ketayotgan bo‘lgan. Vertolyotda jami 9 kishi bo‘lgan. Hodisada hech kim omon qolmadi.