Rossiyada yana bir xavfli virus tarqalgani aytilmoqda

Olam

−

image

Rossiyada ehtimoliy maymunchechak bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar sababli epidemiologik surishtiruv boshlandi. Besh kishi shifoxonaga yotqizilgan va shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Qayd etilishicha, maymunchechak gumon qilingani sababli Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida besh kishi shifoxonaga yotqizilgan. Mutaxassislar yuqtirishning ehtimoliy holatlarini va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlamoqda.

“Epidemiologik surishtiruv davomida muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Besh kishi shifoxonaga yotqizilgan va tibbiy nazoratda bo‘lib turibdi. Dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, deyiladi xabarda.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, mutaxassislar zudlik bilan sanitariya-epidemiologik surishtiruvni boshlagan va epidemiyaga qarshi to‘liq chora-tadbirlar majmuini tashkil etgan.

Diagnostika uchun Rospotrebnadzor tomonidan ishlab chiqilgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan, virusni qisqa muddatda aniqlash imkonini beruvchi test tizimlaridan foydalanilmoqda. Surishtiruv davom etmoqda, vaziyat idora nazoratida.

Avvalroq, 15 oktyabr kuni boshqa holatlar Moskva viloyatida qayd etilgani xabar qilingan. U yerda maymunchechak yuqtirgan deb taxmin qilingan shaxs bilan muloqotda bo‘lgan besh kishi profilaktika maqsadida shifoxonaga yotqizilgan. Hududiy Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, ularda kasallik simptomlari bo‘lmagan, ahvoli qoniqarli deb baholangan. Bemorlardan tahlillar olinib, tibbiy nazorat o‘rnatilgan.

BAZA ma’lumotlariga ko‘ra, virusli kasallik simptomlari bilan shifoxonaga besh kishi olib borilgan: 22 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan uch erkak va ikki ayol. Ular bir xonadonda yashashgan. Nashrning yozishicha, ular 12 oktyabr kuni infeksiya manbai bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Mash” ma’lumotiga ko‘ra, bemorlar 21 kunlik karantinga yuborilgan. Shu bilan birga, kanal ehtimoliy infeksiya manbai bilan muloqot 10 oktyabr kuni sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Ma’lumot uchun, maymunchechak – bu yuqumli kasallik bo‘lib, zararlangan odam bilan yaqin muloqotda bo‘lganda, ifloslangan buyumlar orqali, shuningdek, kasallangan hayvonlardan o‘tadi. Simptomlar zararlangandan keyin 1–21 kun ichida paydo bo‘ladi. Ular orasida og‘riqli toshmalar, isitma, limfa tugunlarining kattalashishi, bosh og‘rig‘i, mushak og‘riqlari va kuchli holsizlik bor. Kasallik og‘ir kechishi va asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Irkutskdagi o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli laborant Darya Shipilovaning o‘limi haqida ma’lum bo‘lgan edi. “Rospotrebnadzor” buni pnevmoniya bilan, bir qator manbalar esa o‘lat bilan bog‘ladi. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan 200 ga yaqin kishi izolyatsiya qilingan edi. Shelexovdagi shifoxona va “Lyudi Baykala” ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutskdagi yana beshta tibbiyot muassasasi karantinga yopilgan edi.

Bundan tashqari, Shelexovdagi Irkutsk alyuminiy zavodida niqob rejimi joriy etilgandi. “Lyudi Baykala”ning sog‘liqni saqlash sohasidagi manbasi shifokorlar “allaqachon o‘lat haqida ochiqchasiga gapirishayotganini”, ammo rasmiy hujjatlarda kasallik tilga olinmaganini ta’kidlagan edi. Irkutskning karantinga yopilgan tug‘uruqxonasida yotgan ayollardan birining so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar to‘lovli hamkorlikdagi tug‘uruq shartnomasiga qaramay, o‘latni vaj qilib, uning erini palataga kiritishmagan.

Kobzev Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) fuqarolar salomatligi uchun xavflar yo‘qligini “ochiqchasiga tasdiqlaganini” aytdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutsk va Shelexovdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat “barqaror”.

Shu bilan birga, JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisus tashkilot haligacha Irkutsk viloyatidagi vaziyat bo‘yicha “to‘liq tasavvur”ga ega emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli JSST “xavflarni keng ko‘lamli baholay olmaydi”. Gebreisus “sababi aniqlanmagan pnevmoniyaga chalingan ikkinchi xodim” haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar bo‘yicha Rossiya Federatsiyasidan qo‘shimcha izohlar kutayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qildi.

Keyinroq, Irkutsk o‘latga qarshi instituti xodimasining o‘limidan so‘ng mahalliy darajada joriy etilgan karantin rejimi bekor qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing