O‘lat xavfi: Irkutskda karantin bekor qilindi
Olam
−
10:36 758 2 daqiqa
Irkutsk viloyatida Irkutsk o‘latga qarshi instituti xodimasining o‘limidan so‘ng mahalliy darajada joriy etilgan karantin rejimi bekor qilindi. Bu haqda kecha, 8 oktyabr kuni hudud rahbari Igor Kobzev o‘z videomurojaatida ma’lum qildi.
U “shifoxonadan tashqari pnevmoniya”dan o‘lim holati munosabati bilan “profilaktik tadbirlar majmui”ni yakunlagan “Rospotrebnadzor” ekspertlarining ma’lumotlariga tayandi. Bildirilishicha, kasallangan ayol emlangan va o‘zi ishlagan xavfli infeksiyalarga qarshi immunitetga ega bo‘lgan, institutda patogen mikroorganizmlar bilan ishlashda esa favqulodda vaziyatlar aniqlanmagan. Shuningdek, Kobzevning so‘zlariga ko‘ra, marhuma bilan aloqada bo‘lganlarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
“Infeksion patologiya bilan bog‘liq salomatlik buzilishlari aniqlanmadi. Qariyb 5 mingta laboratoriya tadqiqotlari natijalari hech qanday xavfli patogen mikroorganizmlarni aniqlamadi. Karantin bekor qilindi. Odatiy rejimda ishlamoqdamiz”, deydi gubernator.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Irkutskdagi o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli laborant Darya Shipilovaning o‘limi haqida ma’lum bo‘lgan edi. “Rospotrebnadzor” buni pnevmoniya bilan, bir qator manbalar esa o‘lat bilan bog‘ladi. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan 200 ga yaqin kishi izolyatsiya qilingan edi. Shelexovdagi shifoxona va “Lyudi Baykala” ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutskdagi yana beshta tibbiyot muassasasi karantinga yopilgan edi.
Bundan tashqari, Shelexovdagi Irkutsk alyuminiy zavodida niqob rejimi joriy etilgandi. “Lyudi Baykala”ning sog‘liqni saqlash sohasidagi manbasi shifokorlar “allaqachon o‘lat haqida ochiqchasiga gapirishayotganini”, ammo rasmiy hujjatlarda kasallik tilga olinmaganini ta’kidlagan edi. Irkutskning karantinga yopilgan tug‘uruqxonasida yotgan ayollardan birining so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar to‘lovli hamkorlikdagi tug‘uruq shartnomasiga qaramay, o‘latni vaj qilib, uning erini palataga kiritishmagan.
Kobzev Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) fuqarolar salomatligi uchun xavflar yo‘qligini “ochiqchasiga tasdiqlaganini” aytdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutsk va Shelexovdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat “barqaror”.
Shu bilan birga, JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisus tashkilot haligacha Irkutsk viloyatidagi vaziyat bo‘yicha “to‘liq tasavvur”ga ega emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli JSST “xavflarni keng ko‘lamli baholay olmaydi”. Gebreisus “sababi aniqlanmagan pnevmoniyaga chalingan ikkinchi xodim” haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar bo‘yicha Rossiya Federatsiyasidan qo‘shimcha izohlar kutayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qildi.
Live
Barchasi