Chorva hayvonlarida uchraydigan virusni yuqtirgan ilk inson vafot etdi
Olam
−
08:25 864 2 daqiqa
Fransiyada asosan chorva hayvonlarida uchraydigan Shamonda virusini yuqtirgan ilk inson vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, marhum 60 yoshdan oshgan bo‘lib, Lion shahri atrofida yashagan. U boshqa og‘ir kasallik sabab Liondagi shifoxonaga yotqizilgan. Fransiya rasmiylariga ko‘ra, erkakka virus Sharqiy Fransiyada bahor va yoz oylarida, kasallik hayvonlar orasida tarqalgan davrda, qon so‘ruvchi mayda hasharot chaqishi orqali yuqqan bo‘lishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Fransiya rasmiylari bilan ushbu holat yuzasidan aloqada ekanini bildirgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha bu alohida holat bo‘lib, virusning keng tarqalishi ehtimoli past.
Fransiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Gregori Emerining aytishicha, bu ilmiy va virusologik jihatdan misli ko‘rilmagan holat hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, bemorning immuniteti keskin zaiflashgani kasallikning og‘ir kechishida muhim omil bo‘lgan. Shuningdek, hozircha jamoat salomatligi uchun favqulodda xavf mavjud emas.
Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Shamonda virusi qon so‘ruvchi mayda hasharotlar orqali yuqadi. U asosan qoramollarda uchraydi, biroq otlar, qo‘ylar va echkilarda ham aniqlangan. Hozirga qadar virusning qoramollardan odamlarga yoki bir odamdan boshqasiga yuqishi holatlari qayd etilmagan.
Virus ilk bor 1960 yillarning o‘rtalarida Nigeriyada aniqlangan. Yevropada esa u joriy yil iyul oyi oxirida Germaniyaning janubi, Shveysariya va Fransiyaning sharqidagi kasallangan qoramollardan olingan namunalar tahlili orqali tasdiqlangan.
Virus qoramollarda ich ketishi, holsizlik, ishtahaning yo‘qolishi va ayrim hollarda isitmani keltirib chiqaradi. Fransiyadagi to‘qqizta sut fermasida o‘tkazilgan tadqiqotda esa virus sabab sut ishlab chiqarish hajmi 75 foizgacha kamaygani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, Shamonda virusi Yevropa Ittifoqida alohida nazorat qilinadigan kasalliklar ro‘yxatiga kiritilmagan. Shu sababli unga qarshi maxsus rasmiy kuzatuv va nazorat choralari belgilanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Texas shtatida yovvoyi tabiatda Yangi Dunyo vint qurti deb ataladigan, tirik to‘qimalar bilan oziqlanadigan parazit aniqlangan edi.
Live
BarchasiOhangaronda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
22 Oktyabr
Avstraliyada kuchli yomg‘ir yog‘di
22 Oktyabr
Gretsiyada ham talabalar namoyish boshladi
22 Oktyabr